Qarshida “TalabaEXPO – 2025” kasb ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Qarshi davlat universitetida “TalabaEXPO – 2025” kasb ko‘rgazmasi bayramona ruhda o‘tkazildi. Tadbir oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi talabalari uchun mehnat bozori va tadbirkorlik imkoniyatlarini yaqindan o‘rganish, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda “Kelajakka qadam” markazi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning malakasiga mos ish topishda amaliy yordam berish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni istovchi yoshlarga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini taqdim etishdan iborat bo‘ldi.
Ko‘rgazma doirasida talabalar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va tadbirkorlik yo‘nalishlari taqdim etildi. “Kelajakka qadam” dasturi doirasidagi kredit mahsulotlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi, istiqbolli biznes-loyihalar qabul qilindi.
[gallery-25703]
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan bank xizmatlari va mahsulotlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, taniqli tadbirkorlar ishtirokida motivatsion treninglar tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari qatoridagi talabalar “Sulton Tex Group” xususiy korxonasida bo‘lib, ip yigiruv va yog‘ qadoqlash sexlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Ko‘rgazma doirasida “Talaba – kelajak” muloqot maydonchalari, yuzma-yuz suhbatlar, bandlik va ijtimoiy himoya xizmatlari, imtiyozli kreditlar bo‘yicha maslahatlar hamda sport musobaqalari tashkil etildi.
Tadbirda 11 ming 360 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Ulardan 3 748 nafari ish beruvchilar bilan suhbatdan o‘tdi, 1 274 nafar bitiruvchi esa o‘zining kelajak ish joyini tanladi. Shuningdek, 49 nafar ishtirokchi o‘z biznes-loyihasini taqdim etdi.
“TalabaEXPO – 2025” kasb ko‘rgazmasi bayramona konsert dasturi bilan yakunlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari