Qarshida O‘zbekiston – Germaniya maktabi ochiladi
Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehnat migratsiyasi va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Germaniyaga safar uyushtirdi.
Tashrif doirasida “Ernst Klett AG”, “Gunter Papenburg AG”, “SIT International GmbH”, “Holldorf Consult GmbH”, “GFM Group” va “Avestos GmbH” kabi yetakchi nemis kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda kasb-hunar ta’limi, yoshlarni Germaniya korxonalarida kasbga tayyorlash va bitiruvchilarni kelgusida talab yuqori bo‘lgan sohalarda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Qarshi shahrida zamonaviy bolalar bog‘chasi barpo etish, O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma maktabi ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Qashqadaryo tibbiyot muassasalarida nemis standartini joriy etish, nemis tili kurslari, madaniyatlar almashinuvi va qo‘shma tadbirlar tashkil etish imkoniyati tahlil qilindi.
Vakillarimiz Germaniyadagi o‘quv markazlari va tibbiyot muassasalari ilg‘or tajribasini o‘zlashtirish, mazkur muassasalar shart-sharoiti bilan tanishish imkoniga ham ega bo‘ldi.
Erishilgan kelishuvlar hududni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochib, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Aziza Alimova, O‘zA