Qarshida DXA “Zanjir reaksiyasi”ni ishga tushiradi
Raqamli texnologiyalar va internet tarmog‘i rivojlangan sari aholi tomonidan axborot iste’moli osonlashib va tezlashib bormoqda. Hozir ko‘pchilik katta-yu kichik fuqarolar qo‘lida zamonaviy telefonlar, planshetlarni ko‘rish mumkin. Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni ham kundan kunga oshib bormoqda.
Butunjahon tarmog‘idan har kim turlicha foydalanadi. Kimdir ta’lim olish maqsadida, yana kimdir yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun yoki bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ko‘ngil ochish maqsadida kuzatib borishi mumkin.
Shuningdek, internet tarmog‘i davlat va fuqaro o‘rtasidagi muloqotni ham qulaylashtirmoqda. Fuqaro va davlat tashkiloti o‘rtasida to‘g‘ridan – to‘g‘ri aloqa o‘rnatilishi natijasida, bugungi kunda ko‘plab davlat xizmatlarini onlayn shaklda foydalanish imkoniyati yaratildi.
Davlat rahbari 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryoga qilgan tashrifi davomida, “Davlat xizmatlari markazi orqali odamlar davlatning e’tiborini sezishi kerak”, deya ta’kidlagan edi.

Shuningdek, tashrif davomida odamlar talabidan kelib chiqib, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, mahallalar bilan onlayn bog‘lanib, aholiga qulaylik yaratish hamda markazlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlardan odamlarning xabardorligini oshirish, keng foydalanishga o‘rgatish muhimligini ta’kidlanib, tegishli chora tadbirlar ko‘rish belgilangan edi.
Qarshi shahrida boshlangan ushbu yo‘nalishdagi ishlar respublikaga bo‘ylab keng ommalashishi, o‘ziga xos “Qarshi tajribasi” shakllanishiga to‘rtki bo‘ldi.
“Qarshi tajribasi” doirasida har bir mahallada targ‘ibot ishlari olib borildi, mahalla faollari va raislari uchun maxsus master – klasslar o‘tkazildi. Davlat xizmatlaridan o‘z uyidan turgan holda, DXM ga tashrif buyurmasdan masofaviy ravishda olish haqida batafsil ma’lumot berildi. Huddi shunday amaliy mashg‘ulotlar bir vaqtning o‘zida o‘quv muassasalarida ham o‘tkazildi va hozirgi kunda ham davom etmoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, maktab jamoasida faoliyat yuritayotgan maktab o‘qituvchilari va yuqori sinf o‘quvchilari ish va o‘qish jarayonidan ajralmagan holda, darslardan keyin yoki tanaffuslar oralig‘ida maktab binosining o‘zida davlat xizmatlarini olishi va o‘z o‘ziga xizmat ko‘rsatishni masofaviy amalga oshira olish ko‘nikmalarini rivojlantirish hisoblanadi.
Olib borilgan targ‘ibot tadbirlari va o‘tkazilgan master-klasslar natijasi sifatida onlayn davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar soni joriy yilda oshganligini ko‘rish mumkin.
Qashqadaryo viloyatida onlayn davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘rsatkichi joriy yilning dastlabki choragida 8 729 ta murojaat yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan, 2020 yilning yanvar – mart oylarida esa davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanish uchun atiga 271 ta ariza kelib tushgan.

“Qarshi tajribasi” doirasidagi amaliy o‘quv mashg‘ulotlar bugungi kunda viloyatdagi barcha tumanlarda, har bir maktabda, mahallalarda bo‘lib o‘tmoqda. Davlat xizmatlari markazlarining malakali mutaxassislari yoshlar va faollar uchun qiziqarli va tushunarli tarzda onlayn davlat xizmatlari, foydalanish ko‘nikmalari va albatta kiberxavfsizlik to‘g‘risida muhim bilimlarni o‘rgatishmoqda. Elektron xizmatlardan foydalanish vaqtida shaxsiy ma’lumotlar, xos raqamlar va boshqa turdagi informatsiyalar sir saqlanishi lozimligi, o‘z shaxsiy ma’lumotlari uchun mas’uliyatli bo‘lish naqadar muhimligi ta’kidlanmoqda.
Mashg‘ulot davomida bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘z smartfonlariga maxsus dasturni yuklab olib, id.egov.uz tizimidan ro‘yxatdan o‘tishni hamda my.gov.uz portalida foydalanuvchining shaxsiy kabineti ochish va xizmatlardan foydalanishni mustaqil tarzda sinab ko‘rishdi.
O‘quvchilar dars davomida olgan tushuncha va ko‘nikmalarini o‘z oila a’zolariga yetkazishlari orqali o‘ziga xos “zanjir reaksiya”si boshlanishiga sababchi bo‘lishi va kelajakda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarimiz o‘zlariga zarur bo‘lgan davlat xizmatlaridan qiyinchiliksiz hamda ortiqcha harakat va harajatsiz olishlari mumkin bo‘ladi.
Moxidil Ravshanova,
Davlat xizmatlari Agentligi
Qashqadaryo viloyat boshqarmasi
yetakchi maslahatchisi