Qarovsiz maydon yashil maskanga aylandi
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari amaliy samara bermoqda. Yaqin vaqtgacha qarovsiz yotgan 1,7 gektar maydon bugun manzarali va mevali daraxtlar qad rostlagan ko‘rkam yashil hududga aylandi.
Loyiha doirasida mazkur maydonga 7 ming 700 tup daraxt ko‘chati ekildi. Buning uchun yerlar tozalanib, agrotexnik tadbirlar bajarildi, sug‘orish tizimi tashkil etildi. Kanal suvini nasoslar orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgani ko‘chatlarning barqaror o‘sishi va parvarishini ta’minladi.

Bugun bu yer nafaqat ko‘kalamzor maskan, balki yerdan oqilona foydalanishning ham namunasiga aylangan. Daraxtlar oralig‘idagi maydonlarda tarvuz, qovun, pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or va achchiq qalampir, shuningdek, loviya yetishtirilmoqda. Bu esa har bir qarich yerdan unumli foydalanish orqali qo‘shimcha hosil olish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislar fikricha, yashil hududlarning kengayishi ishlab chiqarish hududida ekologik muhitni yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Daraxtzorlar havoning musaffoligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yoz faslida mikroiqlimni yumshatishga, chang miqdorini kamaytirishga hamda xodimlar uchun yanada qulay mehnat sharoitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

— Biz uchun “Yashil makon” bir martalik aksiya emas, balki doimiy vazifadir. Har bir ekilgan ko‘chat kelajak uchun yaratilgan boylikdir. Qarovsiz yerlarning bugun yashil maskanga aylangani butun jamoamizning birgalikdagi mehnati samarasi. Endi asosiy e’tiborimiz ekilgan har bir daraxtni saqlash va ko‘kalamzor hududlarni yanada kengaytirishga qaratiladi, — deydi Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi bosh muhandisi Rahmonali Yusupov.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidagi bu tajriba ana shu ezgu maqsadlar amalda o‘z ifodasini topayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.
G‘ulom Primov, O‘zA