Qaror va ijro: 50 nafarga yaqin bemorda yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazildi
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, ko‘makka muhtoj bemorlarning sog‘lig‘ini tiklash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik va saxovat kabi ezgu fazilatlarni mujassam etgan muborak Qurbon hayiti arafasida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan muhim hujjat bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
2026-yil 22-mayda qabul qilingan "Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida"gi Prezident qarori ijrosi doirasida joylarda keng ko‘lamli tibbiy-ijtimoiy tadbirlar boshlab yuborildi.

Mazkur qarorga asosan, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ajratilayotgan 690 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan "Vaqf" xayriya jamoat fondi orqali yirik tibbiy dasturlarni moliyalashtirish belgilangan. Hujjatda aholini tibbiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq va manzilli vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolalarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini bajarish belgilangan.
Kamida 350 nafar bemorlarda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish, shuningdek, donorlarning xarajatlarini qoplash nazarda tutilgan.
Qarorda belgilangan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy tekshiruv, jarrohlik va davolash amaliyoti o‘tkaziladigan kasalliklar hamda tibbiyot tashkilotlari ro‘yxati shakllantirildi. Bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni "UZINFOCOM" MCHJ bilan birgalikda maxsus axborot moduliga kiritish orqali tizimli ishlar tashkil etildi. Davolash tadbirlarining tasdiqlangan standartlar hamda klinik protokollar asosida o‘tkazilishi ustidan nazorat esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga yuklatilgan.
Bugungi kunda ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida respublikamizning barcha hududlarida bemorlarning davolanishi va murakkab operatsiyalari uchun moliyaviy ko‘mak kuchini ifoda etuvchi maxsus vaucherlarni topshirish jarayonlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Bu tizim xarajatlarni tezkor va shaffof qoplash orqali og‘ir bemorlarning vaqt yo‘qotmay shifoxonalarga joylashishiga xizmat qilyapti.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bemorlarga "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan alohida e’tibor qaratilib, ularning zarur jarrohlik amaliyotlari uchun ketadigan xarajatlarini to‘liq qoplab beruvchi maxsus vaucherlar taqdim etildi. Bu kabi tadbirlar ko‘plab oilalarga umid va quvonch ulashib, bemorlarning sog‘lig‘ini tiklash yo‘lida muhim qadam bo‘lmoqda.
Prezident qarori e’lon qilinganidan so‘ng o‘tgan qisqa davr ichida tibbiyot muassasalarida yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish jarayoni boshlab yuborildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, 27-may soat 9:00 holatida 50 nafarga yaqin bemorda yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doirasida 194 nafar bemor bola tibbiyot muassasalariga yotqizildi va ularning 40 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi. 112 nafar onkologik, gemotologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemor tibbiyot muassasalariga joylashtirilib, ularning 5 nafarida murakkab jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. Shart-sharoit talab etuvchi yana 14 nafar shaxs tibbiyot muassasalariga yotqizilib, ularning 2 nafarida eng murakkab amaliyotlardan hisoblangan jigar va buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Prezident qarori ijrosi yuzasidan tibbiy tekshiruv va murakkab jarrohlik amaliyotlari davom etmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA