QarDU: Xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
Ayni paytda Rossiya Federatsiyasining M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida II O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi o‘tmoqda va unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov hamda O‘zbekiston OTMlari rektorlari qatnashmoqda.
Forumda ishtirok etayotgan Qarshi davlat universiteti rektori D.Nabiyev hamda Rossiya Federatsiyasining A.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti rahbariyati o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Hamkorlik doirasida “Rus tilini xorijiy til sifatida o‘qitish” bo‘yicha QarDU professor-o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, hamkor oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilarini ma’ruza o‘tishga jalb etish, rus tili bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari, xususan qo‘shma magistratura, doktoranturalarni tashkil etish, ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, rus tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining rus tili yozgi o‘quv kurslarida ishtirok etish kabi qator masalalar muhokama qilindi.

Forumda integratsiyalash tajribasi va istiqbollari, maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha, kadrlar tayyorlash sohasida Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining asosiy yo‘nalishlari: dolzarb vazifalar va ularni hal etish yo‘llari, ilmiy hamkorlik va ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari tizimida rus tili va gumanitar loyihalar kabi qator masalalar muhokama qilinmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA