Qancha talaba turar-joy bilan ta’minlanadi?
Andijonda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oliy o‘quv yurtlari talabalarining turar-joy bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.
Andijon viloyati hokimligi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyatdagi davlat oliy o‘quv yurtlari hamkorligida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari oliy o‘quv yurtlarida mavzu doirasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Keyingi yillarda Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari talabalarini yotoqxona, turar-joy bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
[gallery-19156]
Ayni paytda viloyatdagi 7 ta davlat oliy ta’lim muassasalari tasarrufida 25 ta talabalar yotoqxonasi mavjud. Mavjud yotoqxonalarda 12 ming nafardan ziyod talaba istiqomat qiladi. Bundan tashqari, ko‘plab talabalar oliy o‘quv yurtlariga yaqin hududlardagi xonadonlarda ijara asosida yashab kelmoqda. Ularga oliygohlar tomonidan ijara pullari to‘lab berilmoqda.
Viloyatda 2022-2025 yillarda davlat-xususiy sherikchilik dasturi asosida bir nechta talabalar yotoqxonasi barpo etish ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar yuqoridagi dastur asosida barpo etilgan o‘nga yaqin zamonaviy talabalar yotoqxonalari foydalanishga topshirildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab talabalar yotoqxona olish uchun onlayn tarzda ariza bilan murojaat qilish tartibi joriy etildi. Mazkur jarayon joriy yil 1 avgustdan o‘quv yili yakuniga qadar davom etishi belgilangan. Bundan tashqari, 15 avgustdan boshlab oliy ta’lim muassasalarining asosiy binolari hamda talabalar turar joylarining kirish qismlarida “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlarga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markaz”lari – infokioskalar tashkil etildi.
Talabalarga yotoqxona ajratilishida ularning ijtimoiy ahvoli, jismoniy imkoniyati, erishgan yutuqlaridan kelib chiqib, tegishli talabalarga qator ustuvorliklar beriladi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Andijon davlat universitetida bo‘lib, talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
– Universitetimizda oltita talabalar turar-joyi mavjud, – deydi Andijon davlat universitetining Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Tursunboy Mo‘ydinov. – Shundan 3 ming 352 o‘rinli 5 ta yotoqxona universitet hududida joylashgan.
Yotoqxonalarimizda talabalarning yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, yotoqxonalarda barcha qulayliklarga ega 10 ta oshxona, 27 ta yuvinish, 20 ta kir yuvish, 20 ta dazmollash xonalari mavjud. Bundan tashqari, har bir yotoqxonada dam olish xonalari, kutubxona, talaba farzandini ko‘rgani kelgan ota-onalar uchun ham alohida xonalar tashkil etilgan.
Tadbir ishtirokchilari “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlarga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markaz”i – infokioska faoliyati hamda davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etilgan 568 o‘rinli 5-talabalar yotoqxonasi, talabalarning yashashi uchun yaratilgan sharoitlarni bevosita ko‘zdan kechirdi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, ayni kunga qadar universitetga yangi qabul qilingan va yuqori kurs talabalaridan yotoqxona olish uchun 1 ming 843 ta onlayn ariza kelib tushgan. Shundan 1 ming 262 nafar talabaga yotoqxonaga joylashish uchun yo‘llanma berilgan, ularni joylashtirish ishlari olib borilmoqda.
– Bu yil universitetning matematika va informatika fakultetiga o‘qishga kirdim, – deydi Buloqboshi tumani Sohibkor mahallasida yashovchi Mohinur Mo‘ydinova. – Yotoqxonaga joylashish bo‘yicha onlayn ariza topshirganman. Universitetda tashkil etilgan infokioskaga kelib, mutaxassislardan zarur ma’lumotlarni oldim. Nasib etsa, yotoqxonaga joylashish uchun yo‘llanma olaman.
Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Andijon davlat pedagogika instituti bo‘ldi.
Tashkil etilganiga endigina ikki yil bo‘lgan Andijon davlat pedagogika institutida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, talabalarni turar-joy bilan ta’minlash borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilganligini alohida ta’kidlash joiz.
– Bugungi kunda institutimizda 1 ming 980 nafar talabaga mo‘ljallangan 4 ta talabalar turar-joyi mavjud, – deydi institut rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov. – Yotoqxonalarning uchtasi institutga qarashli bo‘lsa, bittasi davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida yotoqxonalarimiz to‘liq yoki joriy ta’mirlanib, talabalarning yashashi uchun zarur holatga keltirildi.
Yotoqxonalarga eng avvalo, olis hududlardan kelib tahsil olayotgan, jismoniy imkoniyati cheklangan talabalarni joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan institutda tashkil etilgan “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlarga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markaz”i – infokioska “Talabaga madad” shiori ostida faoliyat olib bormoqda.
– Bu yil institutning Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi kechki bo‘limiga o‘qishga kirdim, – deydi Shahrixon tumani Dorilamon mahallasida yashovchi Oygul Bozorova. – Ijara xonadonga joylashish bo‘yicha ariza topshirganman. Institutda “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlarga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazi”ga kelib, zarur ma’lumotlarni oldim. Nasib etsa, ijara xonadonga joylashaman.
Tadbir qatnashchilari institutda davlat xususiy sherikchiligi asosida bunyod etilgan 550 o‘rinli barcha qulayliklarga ega, zamonaviy “Talabalar uyi”da yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Hozirga qadar billing.edu.uz platformasi orqali yotoqxonaga hamda ijara xonadonlarga joylashish bo‘yicha institutning 2 ming 200 nafardan ortiq talabasidan ariza kelib tushgan. Ular bilan shartnomalar tuzilib, yotoqxonalarga joylashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.
Andijon davlat tibbiyot institutida ayni kunda 1 ming 554 o‘rinli 4 ta talabalar yotoqxonasi mavjud. Shundan bittasi davlat xususiy sherikchiligi asosida bunyod etilgan. Joriy yil oxiriga qadar yana bitta 400 o‘rinli davlat xususiy sherikchilik asosidagi talabalar turar-joyi barpo etilib, foydalanishga topshirilishi belgilangan.
Institutda 5 avgustdan “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi” faoliyat olib bormoqda. Hozirga qadar onlayn ariza asosida murojaat qilgan 768 nafar talaba bilan shartnoma tuzilib, ularga yotoqxonalardan joy ajratildi. Ularning 41 nafari chin yetimlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan talabalardir.
Shuningdek, 149 ta ijara xonadonlarning ro‘yxati shakllantirilib, ularga 1 ming 43 nafar talaba joylashtirildi.
Press-tur qatnashchilari Andijon mashinasozlik institutida bo‘lib, mavjud talabalar turar joylari, ularda yashovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.
Ayni paytda 4 ming nafardan ziyod talaba tahsil olayotgan Andijon mashinasozlik institutida 3 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, shundan 2 tasi institutga qarashli, bittasi davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
2024/2025-o‘quv yilida jami 1 ming 170 nafar talaba uchun joy ajratilgan, ularga joylashish uchun arizalar tegishli tartibda qabul qilinmoqda. Shu kunga qadar 700 dan ortiq talabaga turar- joy uchun yo‘llanmalar berilgan. Bundan tashqari, Andijon shahrining turli hududlarida joylashgan 40 ta ijara xonadoni 380 nafar talaba yoshni qabul qilishga tayyor holatda.
Talabalarni ijara xonadonlariga joylashtirish bo‘yicha institut Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi xodimlari tomonidan Yagona elektron tizimi ishlab chiqilgan. Platformada ijara xonadon va xostellarga joylashish uchun takliflar berilgan.
Bugungi kunda institut hududida davlat-xususiy sherikchilik asosida yana 600 o‘rinli talabalar turar-joyi hamda o‘quv binosi barpo etilmoqda.
O‘n qavatdan iborat bo‘ladigan mazkur binoning birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlari o‘quv binosi sifatida foydalanishga mo‘ljallanayotgan bo‘lsa, qolgan olti qavati talabalar turar joyidan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili Andijon davlat chet tillar instituti bo‘ldi.
Andijon davlat chet tillari institutida 1 ming 120 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi mavjud. Har ikkala yotoqxonaning 1- qavatidan nogiron talabalar uchun joylar ajratilgan.
Talabalar turar joyida talabalarning yashashi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Turli maishiy jihozlar bilan ta’minlangan. Binolarning har qavatida oshxona, dam olish, yuvinish, kir yuvish xonalari, kutubxona mavjud.
Ayni paytda institutga yangi qabul qilingan 1-, 2- va yuqori kurs talabalaridan 643 ta onlayn ariza kelib tushgan. Belgilangan ustuvorlik bo‘yicha 100 nafarga yaqin talabaga turar-joy olish uchun yo‘llanma berilgan. Qolgan talabalarning arizalari ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Press-tur qatnashchilari Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida ham mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, institutdagi mavjud talabalar turar joyida 2 ming nafarga yaqin talaba yashamoqda. Bundan tashqari, talabalarni ijara xonadonlarga joylashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari talabalar turar joylari, talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish masalalari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga oliy o‘quv yurtlarining mutasaddi va mas’ullardan batafsil javob oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.