Qamchiqdagi «baliq yomg‘iri» emas ekan
Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda Qamchiq dovonida «baliq yomg‘iri» bo‘libdi, degan xabarlar tarqaldi.
Biz bunga oydinlik kiritish uchun «Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi axborot xizmati bilan bog‘landik.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur hodisa joriy yilning 26 noyabr kuni soat 16:30 lar atrofida A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 227 kilometr qismida sodir bo‘lgan.

Dovon yo‘lida harakatlanib ketayotgan xorijiy korxonaga tegishli 40 N 000071 davlat raqamli yengil avtomashina yukxonasiga joylashtirilgan yelim idishda boqish uchun yetishtirilgan baliq chavoqlari olib ketayotgan vaqtda harakat xavfsizligini ta’minlay olmasdan oldida ketayotgan yuk avtomashinasiga borib urilgan.
Oqibatda yengil avtomashinaga joylashtirilgan yelim idish yorilib, ichidagi baliqlar yo‘lga sochilib ketgan. Mazkur transport hodisasida hech kim jabrlanmagan. Yo‘lga sochilib ketgan baliq chavoqlarning asosiy qismi nobud bo‘lmasdan yig‘ishtirib olingan.

A.Musayev, O‘zA