Qamchiq dovonida yana qor yog‘dimi?
Kecha kun bo‘yi respublikamiz hududi bo‘ylab kuchli yomg‘ir yog‘di. Ayni paytda bunday yog‘ingarchiliklar tog‘li hududlarda davom etmoqda.
Hatto kecha kunning ikkinchi yarmida Qamchiq dovonida kuchli qor yog‘ishni boshladi. Ushbu holat esa dovon yo‘llarida avtomobillarning xavfsiz harakatlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
"Qamchiqavtoyo‘l" ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining ma’lumotlariga ko‘ra, kecha va bugun tongda dovonda yoqqan qor yo‘llarni qoplab, avtotransport vositalarining harakatlanishiga jiddiy ta’sirini o‘tkaza boshlagan.
Mazkur holatni bartaraf qilish uchun korxona tomonidan ishga kirishilib, tuni bilan yo‘llar tozalandi. Ayni paytda Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan A – 373 “M-39 Guliston – Bo‘ka – Angren – Qo‘qon – Andijon – O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘li harakatlanish uchun xavfsiz. Qamchiq dovonida vaqti-vaqti bilan kuchsiz qor yog‘ib turibdi. Havo harorati 2 daraja sovuq, namlik 84 foizni tashkil qilmoqda. Havo bulutli.
Mutaxassislar Qamchiq dovonidan o‘tishga otlangan fuqarolarni ogohlikka chaqiradi. Shuningdek, dovon hududida qor ko‘chish xavfi borligi ham e’lon qilindi.
A. Musayev, O‘zA