Qalban doim O‘zbekiston bilanmiz!
Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligida AQSHlik taniqli musiqiy prodyuser, kompozitor , Gremmi mukofotining ikki karra sohibi Uolter Afanaseff ( Vladimir Nikitich Afanasev) hamda AQSHda ijod qilayotgan kino ustasi Bahodir Yo‘ldoshev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Uolter Afanaseff Braziliyaning San-Paulu shahrida rus muhojirlari oilasida tavallud topdi.
Afanaseff ko‘p yillar mobaynida Uitni Xyustonning debyut albomi bois jahonga nom qozongan Volden studiyasida klavishli musiqa asboblarida kuy ijro etdi, prodyuserlik qildi, musiqa aranjirovkasi bilan shug‘ullandi.
Afanaseff "Sohibjamol va Maxluq", "Olovuddin", "Faqat SEN", " Tansoqchi" kabi kartinalarning sauntreklarini yaratishga jalb etilgan ijodkor. Uning buyuk bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek hayoti, faoliyatiga bag‘ishlab ishlangan filmga tayyorlagan musiqasi kinokartinaning muvaffaqiyatida muhim omil bo‘ldi.
– Mirzo Ulug‘bekning murakkab taqdiri meni juda qiziqtirib qo‘ydi, – dedi Uolter Afanaseff. – Bu hayrat va qiziqish film musiqasining muvaffaqiyatida asosiy omil bo‘ldi.
Gollivudda ijod qilayotgan yana bir ijodkor Bahodir Yo‘ldoshev o‘zbekistonlik kino ustasi ekani quvonchlidir. San’at muxlislariga uning "Xayr, maktabim!" , "Ajdodlar ruhi" kabi musiqiy kliplari yaxshi ma’lum.
Bahodir Yo‘ldoshev hozir AQSHda klipmeyker va rejissyor sifatida faoliyat ko‘rsatadi. U yaratgan "Ulug‘ Bek. Mushkulotlardan yulduzlar sari" ( "Ulug Bek. Cherez ternii k zvezdam" ) filmi Mirzo Ulug‘bek bobomizning murakkab taqdiri haqida hikoya qiladi.
– Musiqa filmning qalbi, yuragidir, – deydi B.Yo‘ldoshev. – Bizning ajdodlarimiz tarix charxpalagini butkul o‘zgartirib yuborishga muvaffaq bo‘lgan. Garchi AQSHda faoliyat yuritsam-da, yuragim doim O‘zbekistonda.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA