Qalb va qalam bilan 90 yil
Mana shunday olijanob kasb egalari qatorida Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyati xodimlari ham borligidan nihoyatda faxrlanamiz.
Mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni yana-da jadallashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, axborot va soʻz erkinligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari, xususan, matbuotning oʻrni beqiyos.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy maʼlumotlar yetkazish borasida va jarayonlarga fuqarolar koʻnglida daxldorlik, kelajak uchun masʼuliyat hissini tarbiyalashda ommaviy axborot vositalari xodimlarining fidokorona mehnat qilishayotganini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Bu soha xodimlarining saʼy-harakatlari, isteʼdod va mahorati bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqimiz hayotiga, uning quvonch va tashvishlariga tobora yaqin boʻlib, Oʻzbekistonning yangi, demokratik qiyofasini shakllantirishda gʻoyat muhim rol oʻynamoqda.
Mana shunday olijanob kasb egalari qatorida Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyati xodimlari ham borligidan nihoyatda faxrlanamiz. Ijodiy jamoamizning saʼy-harakati bilan “Postda-Na postu” gazetasi va “Qalqon-Щit” jurnali davr bilan hamnafaslikda yuksak maqsadlar sari odimlamoqda.
Shu bilan birga, Postda.uz veb-sayti va telegram kanali ham muntazam faoliyat yuritib, internet orqali ichki ishlar organlarining ijobiy imijini shakllantirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Matbuotga jamiyat koʻzgusi, deb taʼrif berish, dastlab gazeta va jurnallar chop etila boshlagandan buyon anʼanaga aylangan, desak, toʻgʻri boʻlar. Chunki gazeta va jurnallar oʻz davrida jamiyatdagi voqea-hodisalar va yangiliklardan odamlarni xabardor qilib borgan. Qolaversa, matbuot, xususan, gazetalarning jamiyatdagi oʻrnini boshqa vositalar bilan almashtirib ham, tenglashtirib ham boʻlmaydi.
90 yil. Ha, aytishga oson vaqt. Bir insonning mukarram yoshi. Bugun Ichki ishlar vazirligining nashrlari – “Postda” va “Na postu” gazetalari otaxon yoshni qarshilab, tarixning tengsiz sahifalaridan munosib joy olmoqda...
1930-yil 12-may. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar xalq komissarligida mustaqil nashr chop etishga ruxsat etilib, “Postda” va “Na postu” gazetalari dunyo yuzini koʻradi.
Ushbu nashrlar sahifalarida mamlakatda el-yurt tinchligi va osoyishtaligini asrash uchun olib borilayotgan ishlarni yoritish, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviyatini yuksaltirish, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirib borish, jinoyatlarni fosh etish, aybdorlarni qoʻlga olishda militsiya xodimlarining fidokorona xizmatini koʻrsatish, Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan chiqarilgan qaror va buyruqlarning bajarilishi kabi mavzular keng oʻrin olgandi.
Gazetalarimizning ilk muharrirlaridan biri Aleksey Lvovich Karasik davrida “Postda” va “Na postu” gazetalarining yakshanba soni ham chiqa boshlagan. Gazetalarning aholi oʻrtasida ommalashib va mashhur boʻlib ketganligini yakshanba sonlarining tiraji 415 ming nusxaga yetganidan ham bilsa boʻladi.
Istiqlol arafasida, aniqrogʻi, toʻqsoninchi yillarning boshlarida ittifoqdosh respublikalar birin-ketin mustaqillikni qoʻlga kirita boshlagan bir davrda, matbuotda ham erkinliklar boʻy koʻrsatdi. Ana shunday oʻzgarishlar roʻy berayotgan bir pallada respublikada yangi nashrlar paydo boʻldi. Vaqtinchalik toʻxtatilganidan mushtariylar ilhaq boʻlib kutayotgan “Postda” va “Na postu” gazetalari nihoyat yana mushtariylar qoʻliga yetib borishida tashabbuskor va qatʼiyatli bosh muharrir Zokir Atayevning hissasi katta boʻldi.
Istiqlol yillarida nashrlar soni oshdi. Mushtariylar “Postda”, “Na postu” gazetalari qatorida “Qalqon” va “Щit” jurnallarini ham sevib oʻqiydigan boʻlishdi. Ijodiy jamoaga yangi ijodkorlar qoʻshildi. Jamoa nomi “Birlashgan tahririyat” deb yuritiladigan boʻldi. Nashrlarda oʻquvchilarga manzur boʻladigan yangi ruknlar, qiziqarli detektiv qissalar, maroqli maqolalar chop etilishi mushtariylar sonining oshishiga olib keldi.
Bundan keyin ham bir qancha bosh muharrirlar gazeta va jurnallarimiz saviyasini oshirish, ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviyatini yuksaltirish yoʻlida sobitqadamlik bilan faoliyat yuritishdi. Isteʼdodli jurnalistlar nashrlarimizda samarali ijod qilishdi.
Shundan buyon qancha suvlar oqib oʻtdi. Ammo biz bugun qanday shiddat bilan oʻzgarayotgan va rivoj topayotgan, ilgari uchramagan, yechimi oʻta ogʻir va murakkab boʻlgan turli-turli muammolarni tugʻdirayotgan XXI asrda yashayotganimizni aslo esimizdan chiqarmasligimizni lozim.
Avvalambor, globallashuv jarayonlari tobora tezlashib, dunyoning bir chekkasida yuz bergan voqea-hodisalar uning ikkinchi bir chetida zudlik bilan aks-sado berayotgan bir paytda, bu holatning oʻzi barchamizdan zamonaviy bilim, intellektual salohiyatga ega boʻlishni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni mukammal egallashni, bir soʻz bilan aytganda, professional malakamizni oshirish uchun oʻz ustimizda muntazam ishlashni talab qilayotgani hech kimga sir emas.
Ana shunday koʻpqirrali va murakkab sharoitda bugungi jurnalist, bugungi matbuotchi bu haqiqatni chuqur anglagan taqdirdagina samarali faoliyat koʻrsata olishi mumkinligi haqida ortiqcha gapirishning hojati yoʻq.
Nafsilamrini aytganda, biz zamon bilan hamnafasmiz. Koʻp sonli oʻquvchilarimiz talabi va taklifini bajonidil hurmat qilgan holda, nashrlarimizning yana-da qiziqarli, oʻqishli boʻlishi yoʻlida hormay-tolmay ijod qilaveramiz. Zero, bu – yangi Oʻzbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarilayotgan, soʻz va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda juda muhimdir.
Qutlugʻ sana, ulugʻ ayyom muborak, qadrli hamkasblar!
Bernora Sadikova,
IIV Birlashgan tahririyati
bosh muharriri, polkovnik.