Qahratonda Yevropa gazsiz qoladimi?
Yevropa Ittifoqi qishni gaz zaxirasi kamaygan sharoitda kutib olmoqda: kuchli sovuq kelsa, talabning 12-15 foizi miqdorida yetishmovchilik kuzatilishi mumkin. 1-oktabr holatiga ko‘ra, ombor atigi 72 foiz to‘lgan. O‘tgan yilning shu davrida ayni ko‘rsatkich 83 foiz edi.
Yevropa gaz uzatish tarmog‘i hisobotida Rossiya quvuri orqali gaz yetkazib berish to‘xtashi sharoitidagi xavf baholangan. Agar qishda ko‘hna qit’ani gaz bilan ta’minlaydigan yirik dengiz infratuzilmasi ishdan chiqsa va Jazoirdan tortilgan quvur orqali keladigan import ham to‘xtasa, ayrim hududlarda ta’minot jiddiy cheklanishi mumkin. Ayniqsa, gazni dengiz terminali yoki quvur orqali olish imkoni kamroq Markaziy va Janubi-sharqiy Yevropa mamlakatlari xavf ostida qoladi.
Gaz ta’minoti masalasida Yevropa suyultirilgan tabiiy gaz, xususan AQSH yetkazib beradigan hajmga tobora ko‘proq tayanmoqda. Hurmuz bo‘g‘ozidagi cheklov Qatar va Birlashgan Arab Amirliklaridan gaz importini qiyinlashtirib, Yevropa – Osiyo raqobatini kuchaytirgan. Hisobotda hatto suyultirilgan gaz yetkazib berish qisqarsa, odatiy qish sharoitida ham ombordagi zaxira 2027-yil mart oyiga kelib 13 foizga tushishi taxmin qilingan. Bu gaz narxi ko‘tarilishi va energiya ko‘p talab qilinadigan sanoat korxonalarida ishlab chiqarish kamayishi ehtimolini kuchaytiradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA