«Qahramon akamni keltirib beringlar!»
Bir qarashda bu ayol ko‘p ham e’tiborni tortmaydi. Boshqa qariyalar kabi ko‘zlari ma’yus, nigohlari yer suzadi. Istarasi issiq bu ayolni Samarqand shahridagi «Saxovat uyi»da uchratdik. Uchrashuvda ishtirok etayotgan mas’ullardan opa «Qahramon akamni olib kelib beringlar», deya iltimos qilib turgan ekanlar.


Malika ayani hazil-huzul aralash, sekin suhbatga tortdik. Aya uzoq yillar ip yigirish fabrikasida mehnat qilgan bo‘lib, doimiy nam sharoitda ishlashdan bo‘g‘inlarini shamollatib qo‘yadi. Avvaliga og‘rigan oyoqlar, keyin yurmay qoladi. Doimiy og‘riqlar elliklarga yaqinlashib qolganda, to‘shakka mixlanib qolgan ayaning joniga azob berardi. Eng yomoni boshqalar parvarishiga muhtoj bo‘lib qoldi.
– Ota-onam o‘tib ketishgach, kunim opamga qolgan edi, – deya eslaydi Malika. – Jiyanlarim yosh, opam ishga qatnaydi ham menga qaraydi. Kasal bo‘lganingizdan keyin atrofdagilarga malol kelganday bo‘larkansiz. Menda ham shu holat bo‘ldi va yaqinlarimga og‘irligim tushmasligi uchun qariyalar uyida yashash uchun hujjatlarimni tayyorladim. 2017 yilda Namanganda joy bo‘lmagani uchun Andijon viloyatidagi «Saxovat uyi»ga chaqirishdi.
Keldim, avvaliga o‘rgana olmay qiynaldim. To‘g‘risi, fe’lim og‘irroq, odamoviroq bo‘lganim uchun uncha-buncha odam bilan chiqisha olmasdim. Bunday vaqtda kitoblar menga ovunchoq edi. O‘qishni yoqtirganim bois, kutubxonadan chiqmasdim. Shu yerda uzoq kutganim – baxtimni uchratdim. Qahramon aka ham menga o‘xshab, shu manzilda yashar ekanlar. Dunyoqarashi menga juda yoqdi. Biz o‘qigan asarlarimizni, ulardagi bosh qahramonlarni kutubxonada o‘tirib, soatlab muhokama qilardik. Shu tariqa oila qurishga qaror qildik.
Malika aya va Qahramon boboning bu qarori xushxabar sifatida «Saxovat uyi»da tarqalib, ularning yaqinlariga ham yetib bordi. Malika ayaning tog‘ayu, xolalari, qarindoshlari uchun ixchamgina to‘y tashkil etildi. Qahramon akaning uchta qizidan ikkitasi Rossiyaga ishlagani ketgan uchun to‘yda ishtirok etishmadi.
Shu tariqa «Saxovat uyi»da oila qurganlar soni yana bittaga ko‘paydi.
Bir-biriga dardkash insonlar, bir butun bo‘lib yashayotgan kunlarni birida, ya’ni ikki yil avval Qahramon boboning yuragi og‘rib, infarkt bo‘lib qoldi. Qizlari o‘zimiz qaraymiz, davolatamiz, deya otasini uyga olib ketishdi. Malika ayaning bo‘g‘im og‘riqlari kuchaygandan-kuchayib borgani uchun Samarqand shahriga ko‘chirildi.
Samarqandning havosimi yoki boshqa sababmi Malika aya oyoqqa turdi. Birovning yordamisiz, o‘zi bemalol yuradi, sayr qiladi. Bu yerdagi odamlarga moslashdi. Qahramon bobo ham oyoqqa turib, Andijondagi «Saxovat uyi»ga qaytdi.
Mana ikki yildirki, oradagi minglab kilometr masofa ularni ajratib turibdi.
– Birgina ovunchog‘im kitob va mobil telefon, – deydi Malika aya. – Oyog‘imdagi og‘riq uzoq yo‘l yurishimga imkon bermaydi. Bu yerda kerakli muolajalarni olib turganim bois tik oyoqda yuribman. Bu yerdan ketgim yo‘q, shu bois Qahramon akani bu yoqqa ko‘chirib berishlarini so‘rab ariza yozdim. Hech bir kamchilik yo‘q, Qahramon akani olib kelib bersalaringiz bo‘lgani qolgan hammasi zo‘r .
Biz «Saxovat uyi» direktori Surayyo Javatovaga qaraymiz, Malika ayaga ko‘mak berishning imkoni bormi? Albatta, deydi S. Niyatjonova. Yakka yolg‘iz insonlar hamisha davlatimiz himoyasida, e’tiborida, e’zozida. Bu yerda yashayotgan otaxonu onaxonlarning har birini taqdiri, kechmishi bir kitob bo‘lgudek. Malika ayaning iltimosiga ham yechim topamiz, 150 kishiga mo‘ljallangan muassasimizda hozirda 148 nafar keksaga xizmat ko‘rsatilmoqda. Demak, Qahramon boboni bemalol qabul qilsak bo‘ladi.
Bir qaraganda, bu manzilni o‘zlari uchun boshpana qilib tanlagan qariyalarning hech bir g‘ami, tashvishi yo‘q. Bir kunda besh mahal ovqat, taomlarning hammasi uyda qilinadigan, o‘zbekcha ovqatlar va hammaga bir xil. Sport bilan shug‘ullanish uchun barcha jihozlar va qulayliklar mavjud. Suzish havzalari, fizioterapiya xonalari hamisha shay holatda, hamshiralar shirinsuxan. Ammo... inson ming bir dardu, tashvishlarga chidab, mehr-muhabbat bilan bola boqqanidan ne foyda, agar keksayganda yolg‘iz qoladigan bo‘lsa? Atrofida farzandlari. nabiralari xizmatga bel bog‘lab turmasa?
Shu o‘rinda qaysidir manbada o‘qiganim «Tayoqning ikki tomoni bor. Bir tomoni bilan ursang, ikkinchi tomoni o‘zingga tegadi. Fizik olim Nyutonning tortishish qonuni bor: Kimga qancha kuch bilan zarb bersang, senga shuncha aks-sado qaytib keladi. Bu qaytar dunyo. Oxirini o‘ylab ish qilish kerak» so‘zlari yodimga keldi.
Sayyora Shoyeva