Qadriyatdan tashvishga aylanayotgan marosim
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlari tomonidan “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror va Nizomning tasdiqlanishi mamlakatimiz aholisini quvontirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlari tomonidan “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror va Nizomning tasdiqlanishi mamlakatimiz aholisini quvontirdi. Chunki ushbu qoʻshma qaror ijroga kiritilishi bilan turmushimizda, madaniy hayotimizda katta oʻzgarishlar boʻlishi, bu borada hal etilmay kelinayotgan jiddiy muammo va kamchiliklar bartaraf etilishi, xalqimiz farovonligining sezilarli tarzda oshishi, toʻy bahonasida boʻlayotgan isrofgarchiliklarga barham berilishi, toʻychilar oʻrtasida “men sendan kam emasman” tarzidagi zararli chiranishlar boʻlmasligi tabiiy.
Aslida necha ming yillardan buyon shakllanib, rivojlanib, xalqimizning yuksak maʼnaviyati, betakror madaniyatidan darak beradigan, dostonlarda kuylanib kelingan toʻylarimiz va ular bilan bogʻliq milliy urf-odatlarimiz xalqimizning ezgu qadriyatlari darajasiga koʻtarilgan. Toʻy-hashamlar, maʼraka-marosimlar, marhumlar xotirasiga bagʻishlab oʻtkaziladigan tadbirlar orqali shuhratparastlik, oʻzini, boyligini koʻz-koʻz qilish, atrofidagilarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini inobatga olmaslik, eng dahshatlisi, toʻy va tadbir davomida isrofgarchilikka yoʻl qoʻyish, milliy urf-odatlarimiz va anʼanalarimizni ochiqdan-ochiq mensimaslik kabi illatlarning paydo boʻla boshlaganiga juda ham koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarigacha toʻy-hashamlar oʻtkazish tugul odamlar qanday ogʻir ahvolda yashaganligini, ocharchilik, qahatchilik tufayli qancha-qancha odamning yostigʻi quriganini, bir burda nonga zor boʻlgan kunlarni unutdik.
Tinchlik va omonlik boʻlgan uzoq va yaqin oʻtmishda ham toʻychilar oʻz imkoniyatlari va sharoitidan kelib chiqib el oldiga dasturxon yozgan. Oʻsha zamonlarda ham boy-badavlat, oʻziga toʻq odamlar koʻpkarili, kurashli, dorbozli va qiziqchi-artistli, baxshilar bahsiyu sanʼatkorlar musobaqalarini tashkil etib, dangʻillama toʻylar qilgan, yetti iqlimdan mehmonlarni chorlash barobarida, mahalla-koʻydagi yetim-yesir, beva-bechora, kambagʻal-nochor, keksalarni ham taklif etish, siylashni, mehmon qilishni unutmagan. Qoʻl uchida kun koʻradigan yoki oʻrtahol odamlar esa yaqinlari va mahalla ahli bilan oʻtkaziladigan odmi, kamchiqim, ortiqcha dahmazalarsiz toʻy qilib, farzandlari, nevara-chevaralarini elga qoʻshgan.
Biroq keyingi vaqtlarda odamlar oʻrtasida kimoʻzarga toʻy qilish orqali dabdababozlik, manmanlik, soxta obroʻ orttirishga intilish, toʻqlikka shoʻxlik tarzida oʻylab topilayotgan, milliy qadriyatlarimizga mutlaqo zid turfa, yangicha urf-odatlarning avj olishi koʻpchilikni tashvishu xavotirga solib qoʻydi. Bunday toʻylarda xalqimizning azaliy maʼnaviyati, madaniyati emas, balki ayrim kalondimogʻ kimsalarga xos maqtanchoqlik, xoʻjakoʻrsinlik, kibru havo namoyish etila boshladi. Bu xatti-harakatlar natijasida jamiyatda “men sendan kammi” tarzidagi taqlidchilik illati kelib chiqdi.
Toʻgʻri, biz uchun nihoyatda qadrli boʻlgan ming yillik qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz ichida toʻy-hashamlar, maʼraka-marosimlar alohida oʻrin tutadi. Ming afsuski, baʼzan yaxshi niyatlar bilan boshlagan toʻy yoki oilaviy marosimni oʻzingiz xohlagandek oʻtkaza olmaysiz.
Bugungi kunda toʻyni avvalgi paytlardagidek hovlida yoki koʻchaning bir qismini yopib qoʻyib oʻtkazishning iloji yoʻq. Hozir oʻtkaziladigan toʻylarning inon-ixtiyori osmonoʻpar, qasrsifat bazmgohlar egasiyu toʻydan toʻyga yuradigan “sanʼatkorlar”ga bogʻliq. Ular bilan kelisha olsangiz marra sizniki.
Aytaylik, keyingi oyning oʻrtalarida toʻy qilmoqchisiz. Hamma narsa tayyor. Rejangiz va imkoniyatingizga koʻra, kamroq mehmon taklif qilmoqchisiz, ammo bazmgoh egasi “mehmonlar kamida 400 (agar 600 yoki 700 demasa) nafar boʻlishi kerak, boʻlmasa boshqa bazmgohga boring” deydi. Buning ustiga yana har bir mehmonga 150-200 ming soʻmlik dasturxon qilinishi, taomnomada esa turli taomlar, quruq mevalar, qand-qurs, shirinliklaru pishiriqlar, baliq taomlari va ichimliklar boʻlishi shart, agar shunday qilmasak, bazmgohimiz obroʻyiga toʻgʻri kelmaydi, deb turib ham oladi.
Siz istagan sanʼatkorlarga esa qoʻlingiz yetmaydi, ularga yaqinlashishning ham imkoni yoʻq. Bazmgoh egasi sanʼatkorlarning ham ilojini topadi. Ammo narxlar osmonda, na iloj, bazmgoh egasining aytganiga koʻnasiz. Bulardan tashqari, bazmgohning falon pulga xizmat qiladigan videotasvirchilari, suratkashlari, boshlovchisi ham boʻladiki, ular ham toʻychilar hisobidan faoliyat yuritadi.
Ana sizga xarajatu mana sizga bazmi jamshid. Toʻyga kelgan mehmon taomlardan nari borsa, oʻttiz-qirq ming soʻmlik isteʼmol qilishi mumkin. Bunday toʻylarning turgan-bitgani isrofgarchilikdan boshqa narsa emas.
Toʻyga taklif etish ham toʻy madaniyatining bir boʻlagi hisoblanadi. Yaqin vaqtlargacha toʻyga ogʻzaki tarzda taklif etilar edi. Odamlarning ish, turmush tashvishlari, turli yumushlar bilan chalgʻib, toʻyni unutib qoʻymasliklarini taʼminlash maqsadida taklifnoma tarqatish odat tusiga kirdi. Ammo bugungi kunga kelib taklifnomalar ham toʻychilarning qanday mavqe va imkoniyatga ega ekanini koʻrsatuvchi vositaga aylandi. Taklifnomalarning bugungi narxi 3 ming soʻmdan 60 ming soʻmgacha ekanini boshiga tushmaganlarning hammasi ham bilmasa kerak?!
Atrofdagilar bilan hisoblashmaydigan ayrim kattazang odamlar oʻzlarining kimliklarini koʻrsatib qoʻyish maqsadida dabdabali toʻy, marosimlarga hisobsiz mablagʻ sarflamoqda. Ularga koʻr-koʻrona, elchilik deb ergashayotgan kamxarj insonlar esa toʻy va maʼrakalar tufayli qarzga botmoqda, qarzini vaqtida uzolmagani oqibatida oilalar barbod boʻlayapti, qarindosh-urugʻlar begonalashib, oʻylamay toʻy qilgan odamlar sogʻligʻidan ayrilmoqda. Qaniydi, bunday dabdabalar yangi qurilayotgan oilalarning mustahkamligiga, bardavomligiga kafolat boʻlsa, afsuski, aksincha, toʻydan bir oy ham oʻtmay quda-andalarning san-manga borishi-yu, yosh kelin-kuyovlarning ajrashishlariga asosiy sabab boʻlmoqda.
Farzandlari baxti uchun hamma narsaga tayyor oʻzbek xalqidek bolajon millat dunyoda koʻp boʻlmasa kerak. Bolalari tugʻilgan kundan boshlab butun kuchini, topgan-tutganini toʻylar qilishga, uylar qurishga sarflaydi, oʻzining rohat-farogʻati, hatto salomatligini ham hech qachon oʻylamaydi, oʻylashga vaqti ham yoʻq. Oʻylagani eldan qolmaslik.
Ammo keyingi paytlarda toʻylar quyushqondan chiqib ketdi. Ayniqsa, nikoh toʻylarida soatiga falon soʻm toʻlab yollanadigan bir xil rang va markalardagi oʻnlab qimmatbaho mashinalar karvonining koʻchalardagi tartibsiz harakati, toʻy bilan bogʻliq turli-tuman keraksiz xarajatlar, harakatlar, toʻy dasturxoniga tortilib, hatto qoʻl ham urilmay uvol boʻlayotgan noz-neʼmatlar, kelin-kuyovga olinadigan kiyim-kechaklardan tashqari, qarindosh-urugʻ, quda-andalarga sovgʻa qilinishi shart boʻlgan va narx-navosini aytishga ham til bormaydigan sarpo-suruqlar, toʻyma-toʻy koʻtarib yuriladigan koʻrpa-toʻshaklar, narxi “osmon“dagi chet el mebellari, kvartirayu mashinalarning kalitlarini sovgʻa qilish, asal oyini oʻtkazish uchun xorijiy sanatoriyayu chet el sayohatiga yoʻllanmalar tortiq qilish...
Karnay-surnay sadolari ostida bazmgohga kirib kelgan kelin-kuyov ustidan anvoyi gullar oʻrniga dasta-dasta pul sochish, ular oyogʻi ostiga puldan poyondoz toʻshash, ammayu xolalar, amaki-togʻalar, xeshu taborlarni davraga chiqarib, chakkalariga katta-katta, siqim-siqim pul qistirish, kelin yoki kuyov taraf boʻlgan sochi yelkasidayu soqoli haftada bir qirtishlanmagan yosh-yalanglarning mast-alast holda beoʻxshov harakatlar bilan raqsga tushib, davrani hech kimga bermay chir aylanishlari nafaqat toʻychining, hatto toʻyxoʻrlarning ham koʻnglini aynitib, jonini halqumiga keltiradi. Toʻylarda iqtisodimiz tayanchi, xalqimiz iftixori boʻlgan milliy valyutamizga nisbatan qilinayotgan salbiy munosabat, nopisandlik, koʻrnamaklik va uni ochiqchasiga tahqirlash jiddiy qoralanishi, bunga ishtiyoqmand kimsalarga nisbatan keskin choralar koʻrilishi kerak. Ayniqsa, milliy anʼanalarimizga, hatto toʻylarimizga suqilib kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat”ga xos guldasta uloqtirish, kelin dugonalarini bir xil kiyintirib koʻz-koʻz qilish, odobsiz shoular, sharqona axloq-odobga zid boʻlgan “muhabbat tarixi” (“Love story”) kabi xunuk odatlarga ergashishni bas qilish kerak. Hammasidan ham oʻtib tushadigani toʻy oqshomida, mehmonlar oldida kelinning kuyov bilan yoki oʻz otasi bilan “vals”ga tushishi hech bir aqlga ham, hech qaysi odob-axloq qoidasiga ham sigʻmaydi.
Oʻzbekona milliy raqslar, kuylar, qoʻshiqlar, rang-barang payrovli askiya va qiziqchiliklar, xalq dostonlarini kuylash toʻylarimizning asrlar davomidagi chiroyi va betakror bezagigina boʻlib qolmasdan, toʻy ishtirokchilariga shodlik, quvnoqlik, xursandchilik, yaxshi kayfiyat ulashgan, qatnashchilar ongu shuuriga oʻzbekona qadimiy milliy qadriyatlarni singdirib kelgan. Hozirgi toʻylarimizda esa katta-katta ovoz kuchaytirgichlar yordamida restoranni agʻdar-toʻntar qilarli darajadagi baland pardalarda ijro etilayotgan boshqa tillardagi tushunarsiz qoʻshiqlar toʻyga kelganingga ming pushaymon qildiradi. “Sanʼatkor“lardan radio apparaturalaridan tarqalayotgan shovqin-suronni bir oz pasaytirishlarini soʻrasangiz, buning iloji yoʻqligini aytishadi. Muhoraba maydonidagi kabi dahshatli shovqin-suron (buni musiqa yoki qoʻshiq deb boʻlmaydi!) qon bosimingizni oshirib, tanangiz sovuq terga botadi, yuragingizga sanchiq kiritib, uni changallashga majbur qiladi. Toʻyga kelib dam olmaysiz, azob-uqubat tortasiz, bir iloj qilib qarindoshlik qarzingizni uzasizu tezgina xayr-maʼzurni nasiya qilasiz.
Toʻychilarimiz tong sahardan – soat oltidan karnay-surnay, doirayu chirmandalar chaldirib, mehmonlarni nahor oshiga chorlashi yoki kech soat 23:00 dan soʻng ham kuchaytirilgan dambur-dumbur sadoli yoqimsiz musiqalarni bas qilmasliklari bazmgohlar atrofida yashaydigan odamlar, bemorlar, keksalar, bolalarning tinchi buzilishiga, sogʻliqlarining yomonlashuviga sabab boʻlmoqda.
Agar toʻylarimizda qaysi tildaligi ham nomaʼlum, tushunarsiz, almoyi-jalmoyi qoʻshigʻu ularga monand raqslar emas, oʻzbekona milliy, shoʻx, quvnoq, raqsbop qoʻshiqlarga keng oʻrin berilsa, toʻyga kelgan mehmonlar maza qilib tinglab, tomosha qilsa, dam olsa, teng-toʻshlari, tanish-bilishlari bilan suhbatlashsa, dardlashsa, qarindosh-urugʻlar bilan diydorlashsa, qanday yaxshi. Asli toʻy qilishdan maqsad ham shu emasmi?!
Toʻqlikka shoʻxlik qiluvchi “ixtirochi”lar tomonidan oʻylab topilib, nikoh toʻylarida koʻr-koʻrona joriy etilayotgan, milliy qadriyatlarimizga mutlaqo zid, turmushimizga mos kelmaydigan yangicha urf-odatlar avj olib borayotgani ham bor gap. Fargʻona vodiysida nikoh toʻyidan soʻng qiz uzatgan xonadonning kuyov tomonga 40 kun turli taomlar tashishi, andijonliklarning esa mana shunday keraksiz “mazar” udumiga rioya qilishlari, Xorazmda “qiz yigʻin”, “xina yoqar” kabi ortiqcha marosimlardan koʻpchilik ota-onalar aziyat chekmoqda. Milliy anʼanalarimizga yot boʻlgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan toʻydan oldingi, toʻy vaqtida va toʻydan keyingi qoʻshimcha – “tanishuv”, “roʻmolcha berdi”, “oq oʻrar”, “sep yoydi”, “quda tanish”, “non sindirdi”, “fotiha”, “toʻy yubordi”, “sovgʻa berish”, “ota koʻrdi”, “ota keldi”, “qiz oshi”, “holva keldi”, “qatlama yubordi”, “somsa eltish”, “togʻora yuborish”, “yuz ochar”, “charlar”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “kuyov navkari”, “kelin navkari”, “kelin salom”, “kuyov salom”, “tort kesish”, “pul qistirish”, “pul sochish” kabi keraksiz udumlar va odatlarga mutlaqo barham berish kerak.
Dasturxonga tortiladigan taomlar, pishiriqlar, shirinliklar, yaxnayu salatlarda ham meʼyor boʻlishi, har qanday isrofgarchilikka chek qoʻyilishi, toʻychiga oʻz imkoniyatidan kelib chiqib dasturxon bezatish, taomnomani tanlash imkoniyati berilishi kerak.
Xullas, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qabul qilgan qoʻshma qarori mamlakatimizda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlanadigan tadbirlar oʻtkazish borasida yoʻl qoʻyib kelingan kamchiliklar va nuqsonlarga, mavjud muammolarga barham beradi, deb ishonamiz.
Mardon BOLTAYEV,
Samarqand davlat universiteti dotsenti.