Qadrini bilgan kishiga shubhasiz jondir kitob...
Ayni sinovli kunlarda kitob jonimizga jon boʻlyapti. Hozirda oilamiz bilan kitob mutolaasiga kirishganmiz. Men ilmiy asarlar bilan bir qatorda, badiiy asarlarni ham oʻqib turaman.
#Men_mutolaa_bilan_bandman #chellenji davom etadi.#chellenjning navbatdagi qatnashchisi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi Amrullo KARIMOV:
— Bizning oilada bir noodatiy anʼana bor. Bu — tugʻilgan kunda kitob doʻkonlariga borish. Shu bilan bolalarda kitobga boʻlgan mehrni tarbiyalash mumkin, deb oʻylayman. Yoshligimda Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Kitob” sheʼrini sevib yod olganman. Unda shunday satrlar bor:
Har koʻngilning orzusi shul erur obi hayot,
Qadrini bilgan kishiga shubhasiz jondir kitob.
Ayni sinovli kunlarda kitob jonimizga jon boʻlyapti. Hozirda oilamiz bilan kitob mutolaasiga kirishganmiz. Men ilmiy asarlar bilan bir qatorda, badiiy asarlarni ham oʻqib turaman. Shu kunlarda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, filologiya fanlari nomzodi Olim Toshboyevning “Ultontoz” asarini oʻqiyapman.
Asarda shoʻro davridagi zoʻravonliklar, mustabid tuzumning makkorligi va shafqatsizligi, bir soʻz bilan aytganda, yaqin oʻtmish dardlari tilga olingan. Misol uchun, asardagi aksar nuqtalar eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. 30-yillarda amirning dumi deb, qanchadan-qancha odamning otilib, qochib yoʻq boʻlib ketishi, alifboning oʻzgarishi natijasida hamma savodsizga aylangani, kap-katta odamlar yosh boladay harf urishtirib oʻtirgani tilga olinadi. Dinga taqiq qoʻyilganiyu roʻza tutish jinoyatga chiqarilgani oʻsha davrning murakkabliklari sifatida koʻrsatiladi. Kitob yaqinda chop etildi. Qiziquvchilarga bu kitobni tavsiya qilgan boʻlardim.
2-sinfda tahsil olayotgan qizim Diyoraxon esa “Onamning ertaklari”, “Ibratli ertaklar”, “Oymomo ertaklari” turkumidagi kitoblar hamda bir necha nomdagi sheʼr kitoblarni oʻqib tugatyapti.