Qadring baland boʻlsin, ona tilim
Tadbir avvalida harbiylar, yozuvchi-shoirlar, kursantlar soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qoʻyishdi. Shoir xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Shundan soʻng, davlatimiz madhiyasi yangradi.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
Aslida har qanday istiqlol til ozodligidan boshlanadi. Bugun Vatanimiz chinakkamiga mustaqildir desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Boisi, yurtimizda oʻzbek tilida ish yuritish, erkin muloqot qilish va ijod qilish huquqiga egamiz. Shu maʼnoda ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kunni keng nishonlash, qalbimizga faxr va iftixor bagʻishlaydi.
Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti tomonidan oʻtkazilgan maʼrifiy kechada ona tilimiz ulugʻlandi.
Tadbir avvalida harbiylar, yozuvchi-shoirlar, kursantlar soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qoʻyishdi. Shoir xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Shundan soʻng, davlatimiz madhiyasi yangradi.
– Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan mamlakatimizda har kuni bayramlar boʻlyapti, – deydi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Kecha ijtimoiy tarmoqlarda ham koʻrdim: Hindistonda, Turkiya va Belarusda ham bizning til bayramimiz keng nishonlanyapti ekan. Bundan 31 yil oldin oʻzbek tili haqida hattoki gazetada chiqish qilish ham mushkul ish edi. Agar kimningdir til haqida yozganlari matbuotda eʼlon qilinsa, odamlar qoʻlma-qoʻl oʻsha sonni oʻqirdi. Bugun tilimizni qadrlash, qaddini yana-da koʻklarga koʻtarish oʻzimizning qoʻlimizda. Bu bebaho imkoniyatdan samarali foydalanishimiz kerak. Bu qanchalar baxt va mashaqqat ekanligini oʻsha davr qiyinchiliklarining guvohi boʻlgan kishilar yaxshi biladi.
– Hozir 100 tomlik xalq ogʻzaki ijodi toʻplami chop etilmoqda. Bu esa tilimizning qanchalik boy ekanidan dalolatdir, – deydi shoir Bobur Bobomurod. – Bu tilda ifoda etilmaydigan tuygʻuning, aytib boʻlmaydigan ifodaning oʻzi yoʻq. Har bir harakat, his-tuygʻuning oʻz atamasi bor. Bularning barchasi tilimizda chiroyli jaranglaydi. Xalqimizda aytiladigan allamizdan tortib yor-yorimizgacha, dostonlaru marsiyalarda tilimizning serqirra va boy ekanini koʻrishimiz mumkin.
Bunday tadbirlar odamlarning ongu shuuriga tilimizga boʻlgan mehr-muhabbatni, Vatanga sadoqatni, millatlararo bagʻrikenglik kabi yuksak tuygʻularni yana-da singdirishga zamin yaratadi. Milliy gvardiya tasarrufidagi Musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchilari hamda kursantlar tomonidan ijro etilgan ona tilimizni madh etuvchi sheʼrlar, qoʻshiqlar, sahna koʻrinishlari davraga oʻzgacha fayz bagʻishlandi.