Qadri qaddidan baland nuroniylar
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Oddiy askar Xojamurat Bektashev 1926 yilda Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. Harbiy xizmatni 98-zaxira o‘qchi polkida o‘qchi lavozimida boshlagan.
Xojamurat Bektashev urush yillarida o‘qchi polkida avtomatchi lavozimlarida xizmat qilgan. 1950 yil 28 yanvar kuni harbiy xizmatdan bo‘shatilgan. Polsha va Latviya davlatlarini ozod etishda qatnashgan. Harbiy xizmatdan bo‘shatilgan so‘ng Olot tumanidagi 1-sonli o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 7 nafar farzandi bor. 40 nevara, 30 chevaraning sevimli bobosi. Bugun farzandlari davrasida keksalik gashtini surmoqda.
– Juda ham og‘ir kunlarni boshdan kechirdim, – deydi Xojamurat Bektashev. – Issiq demadim, sovuq demadim, Vatan uchun kurashdim. 7 yil xizmat qilib, 25 yoshimda yurtimga qaytdim. Bu gaplarni aytsam yoshlar ishonmaydi. Bugun mana shunday xotirjamlikda yashayapmiz. Ko‘z tegmasin. Bu tinchlikning qadriga yetish kerak.
Buxoro viloyatida Xojamurat bobo kabi suronli kunlarni ko‘rgan 19 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda. Beayov janglarda vatanparvarlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan bu faxriylar e’zozu ardoqda hayot kechirmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov hamda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari 95 yoshni qarshilagan Xojamurat ota Bektashev xonadonida bo‘ldi. Otaga Prezidentimizning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. 12 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Urush yillaridagi g‘alabaga chorlovchi qo‘shiqlar yangradi.
Oddiy askar Bozor Primov esa o‘qchi polkida o‘qchi lavozimida xizmat qilgan. 1943 yil oktyabr oyida umurtqa va qo‘lidan yarador bo‘lib kasalligi sababli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan. Moskva shahrini ozod etishdagi janglarda qatnashgan. Urushdan keyin «Sharq-yulduzi» kolxozida ishlagan. Besh farzandni voyaga yetkazgan. Ayni kunda nabirayu, chevaraning qurshovida umrguzaronlik qilmoqda.
Otaxonga ham keng jamoatchilik oldida Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
[gallery-2279]
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA