Qadoqlash uchun qulay va ishonchli
Ishlab chiqarilgan mahsulotni iste’molchiga chiroyli va sifatli ko‘rinishda taqdim etish biznesning muhim omillaridan biridir. Bu borada qadoqlash va o‘rama mahsulotlari ishlab chiqaradigan kichik biznes subyektlari faoliyati muhim ahamiyatga ega.
Ishlab chiqarilgan mahsulotni iste’molchiga chiroyli va sifatli ko‘rinishda taqdim etish biznesning muhim omillaridan biridir. Bu borada qadoqlash va o‘rama mahsulotlari ishlab chiqaradigan kichik biznes subyektlari faoliyati muhim ahamiyatga ega.Namangan viloyatining Norin tumanidagi “Norin Mega Tech” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy texnologiyalar asosida polietilen xomashyosidan havo pufakchali qadoqlash va o‘rama mahsulotlari tayyorlanmoqda.
Engil, ixcham, qulay va ishonchli bo‘lgan ushbu o‘rama mahsuloti elastikligi, pishiqligi, nam tortmasligi, zarbni yumshatishi, issiq va sovuqdan himoya qilishi, ekologik xavfsizligi kabi jihatlari bilan ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkor va ishbilarmonlar e’tiborini tortmoqda. Chunki ikki va uch qavatli havo pufakchali plyonka, ayniqsa, chinni va shisha buyumlar, qo‘l telefoni, televizor, komputer, sirlangan metall anjomlar, mebellarni tashqi mexanik va tabiiy ta’sirlardan ishonchli himoya qiladi.
– Ayni paytda “GM Uzbekistan”, “UzChasys” kabi qator avtomobilsozlik sanoati korxonalariga buyurtma asosida mahsulot yetkazib berilmoqda, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Ubaydullo Qahhorov. – O‘tgan yili 360 million so‘mlikdan ziyod sifatli qadoqlash va o‘rama mahsuloti ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, eni 200 millimetrdan 1600 millimetrgacha, uzunligi 50 metrdan 100 metrgacha bo‘lgan ikki va uch qavatli havo pufakchali plyonkalarga ham talab ortmoqda. Bu plyonka issiqlik energiyasini 15-20 foizga tejash imkonini berishi bilan afzaldir.
Buyurtma asosida turli o‘lchamdagi paketlar tayyorlanib, unga komputerlashtirilgan texnologiya asosida buyurtmachining logotipi va boshqa reklama ma’lumotlari ham tushirib berilmoqda.