Qadimiy tarix va zamonaviylik uyğunlaşgan Amman
Iordaniya Hoşimiylar Podşohligining poytaxti Amman Yaqin Şarqning qadimiy tarixi, boy madaniy merosi va öziga xos meʼmorçiligi bilan ajralib turadigan şaharlaridan biridir.
Tepaliklar bağrida qad rostlagan mazkur şaharda ötmiş va bugungi kun manzaralari özaro uyğunlaşgan. Bir tomonda asrlar davomida saqlanib kelayotgan tarixiy obidalar, qadimiy köçalar va anʼanaviy bozorlar bölsa, ikkinçi tomonda zamonaviy binolar, keng xiyobonlar hamda savdo va xizmat körsatiş majmualari poytaxtga özgaça qiyofa bağişlaydi.
Amman tarixi bir neça ming yilliklarga borib taqaladi. Qadimda Filadelfiya nomi bilan ham maʼlum bölgan şahar turli sivilizatsiyalar taʼsirida şakllangan. Bu yerda Rim, Vizantiya va islom davrlariga oid meʼmoriy yodgorliklar hozirgaça saqlanib qolgan.
Şaharning diqqatga sazovor maskanlaridan biri Jabal al-Qalʼa tepaligida joylaşgan qadimiy qalʼa majmuasidir. Uning hududida Gerkules ibodatxonasi, Vizantiya çerkovi va Umaviylar saroyi qoldiqlarini uçratiş mumkin. Mazkur tarixiy makondan Ammanning tepaliklar böylab keng yoyilgan manzarasi namoyon böladi.
Poytaxtning yana bir maşhur obidasi milodiy II asrda barpo etilgan Rim teatridir. Qariyb 6 ming tomoşabinga möljallangan uşbu inşoot qadimgi meʼmorçilik sanʼatining noyob namunalaridan hisoblanadi. Bugun ham u şaharning muhim tarixiy va madaniy maskanlaridan biri sifatida öz ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Ammanning öziga xosligi faqat tarixiy yodgorliklarida emas. Tepaliklar böylab joylaşgan oç rangli toş binolar, serqatnov köçalar, milliy hunarmandçilik buyumlari taklif etiladigan bozorlar va zamonaviy savdo markazlari şahar hayotining rang-barangligini aks ettiradi.
Ayniqsa, eski şahar hududidagi anʼanaviy muhit bilan Abdali kabi zamonaviy mavzelar qiyofasi örtasidagi farq poytaxtning tarixiy taraqqiyoti va bugungi rivojini yaqqol namoyon etadi.
Ayni kunlarda Amman Özbekiston va Iordaniya örtasidagi oliy darajadagi muloqotlar munosabati bilan ham eʼtibor markazida. Davlatimiz rahbarining 23–24-noyabr kunlariga belgilangan davlat taşrifi dasturidan mazkur şaharda muzokaralar, ikki mamlakat işbilarmon doiralari iştirokida biznes forumi va boşqa qöşma tadbirlar örin olgan.
[gallery-32677]
Qadimiy obidalari, betakror şahar manzaralari va zamonaviy taraqqiyot belgilarini özida mujassam etgan Amman Iordaniyaning nafaqat siyosiy va iqtisodiy markazi, balki boy tarixiy-madaniy merosini namoyon etuvçi muhim maskan hamdir.
Şavkat Tohirov,
Aʼlo Abdullayev (surat), ÖzA