Qadimgi Turonda boshqaruv tili masalasi
Har qanday davlatning mustahkamligi uning hududiy yaxlitligi yoki harbiy qudrati bilangina o‘lchanmaydi. Tarix shuni ko‘rsatadiki, saltanat poydevorini ushlab turuvchi eng muhim ustunlardan biri – bu yagona va tushunarli boshqaruv tilidir. Ajdodlarimiz yashagan qadimgi Turon zamini turli til va yozuvlar tutashgan beqiyos makon edi. Xo‘sh, bunday sharoitda buyuk saltanatlar qanday idora etilgan va til omili davlatchilik taqdirida qanday o‘rin tutgan?
Bugungi O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi ming yilliklardayoq o‘ziga xos yozuv madaniyati mavjud bo‘lganligini arxeologik topilmalar tasdiqlaydi. Sopollitepa va Jarqo‘tondagi piktografik belgilar bundan to‘rt ming yil avval ham ajdodlarimiz murakkab ma’lumotlarni qayd etishga uringanidan dalolat beradi. Biroq, yirik davlat uyushmalarining paydo bo‘lishi boshqaruv tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Miloddan avvalgi VI asrda Xorazm, Baqtriya va So‘g‘dni ham egallab olgan Ahamoniylar saltanatida ma’muriy ish yuritish uchun oromiy tili tanlangan edi. Bu bejiz emasdi. Oromiy tili va yozuvi o‘sha davrning xalqaro muloqot vositasi bo‘lib, ulkan hududlarni birlashtirgan imperiya uchun qulay boshqaruv vositasiga aylandi. Mahalliy hokimlar o‘z ko‘rsatmalarini so‘g‘dcha, baqtriycha yoki xorazmcha bayon etsa-da, mirzalar ularni aynan oromiy tilida rasmiylashtirar edi.
Makedoniyalik Aleksandr yurishlaridan so‘ng Turonda yunon tili va yozuviнинг ta’siri oshdi. Salavkiylar va undan ajralib chiqqan Yunon-Baqtriya podsholigida davlat idorasi to‘liq yunon tilida olib borildi. Oyxonim shahar xarobalaridan topilgan ko‘plab yunoncha yozuvlar buning yorqin isbotidir. Ammo bu hokimiyat tili bilan mahalliy aholi tili o‘rtasida katta tafovut bor edi. Shu sababli ma’muriy ishlarda mahalliy aholi bilan aloqa qilish uchun oromiy-baqtriya yozuvidan ham foydalanishga majbur bo‘lingan. Bu davlatning yuqori tabaqasi va oddiy xalq ikki xil til olamida yashaganini ko‘rsatadi.
Bu boradagi tub burilish milodiy I asrda maydonga kelgan buyuk Kushon saltanati bilan bog‘liq. O‘z ichiga turli e’tiqod va tilda so‘zlashuvchi ko‘plab xalqlarni birlashtirgan bu imperiya jiddiy siyosiy-ma’naviy islohotlarga muhtoj edi. Dastlabki Kushon hukmdorlari tangalarida ikki tilda – yunoncha va mahalliy kushon yozuvida bitiklar zarb ettirishgan. Biroq, podshoh Kanishka davriga kelib tarix sahnasida haqiqiy til inqilobi yuz berdi.
Kanishka ulkan saltanatni birlashtirish uchun yagona davlat tili zarurligini teran anglagan hukmdor edi. U butun imperiya aholisi uchun tushunarli bo‘lgan mahalliy baqtriya tilini umumdavlat tili maqomiga ko‘tardi. Tez orada tangalardagi yunoncha yozuvlar o‘rnini yunon alifbosi asosida takomillashtirilgan baqtriya yozuvi egalladi. Bu shunchaki yozuvni almashtirish emas, balki ulkan siyosiy ahamiyatga molik qadam edi. Ushbu islohot orqali Kanishka begona til hukmronligiga chek qo‘yib, davlatchilikni mahalliy zaminga mustahkam bog‘ladi va turli qabilalarni yagona mafkura atrofida jipslashtirishga erishdi. Hatto podshohlarning ismlari ham davlat tiliga moslab o‘zgartirila boshlandi.
Boshqa hududlarda esa til masalasi o‘ziga xos tarzda rivojlandi. Masalan, Qang‘ davlatida turkiy tilli chorvadorlar bilan sharqiy eroniy tillarda so‘zlashuvchi o‘troq aholi yonma-yon yashagan. Davlat ishlari asosan sharqiy eroniy tilda olib borilsa-da, bu davlatda qo‘sh tillilik tabiiy hol bo‘lgan. Farg‘ona vodiysida esa aholining asosiy qismi turkiy tilda so‘zlashgani taxmin qilinadi. Xorazmda ham oromiy yozuvi asosidagi mahalliy til va yozuv mavjud bo‘lib, buni Qo‘yqirilgan qal’adan topilgan nodir yozma yodgorlik – “asparabak” (otliq) so‘zi ham isbotlaydi.
Qadimgi ajdodlarimizning davlatchilik tajribasi shuni aniq ko‘rsatadiki, til har doim boshqaruvning eng nozik va qudratli quroli bo‘lgan. Bosqinchi imperiyalar o‘z hukmronligini begona tillar orqali o‘rnatgan bo‘lsa, Kanishka kabi hukmdorlar mahalliy tilni davlat tili maqomiga ko‘tarish orqali xalq birligi va saltanat barqarorligiga erishganlar. Bu tarixiy saboqlar tilning nafaqat muloqot vositasi, balki davlat poydevorini mustahkamlovchi bebaho qadriyat ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA