Puxta tayyorgarlik – mo‘l hosil garovi
Buxoroda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Buxoro Agrocluster” paxta-to‘qimachilik klasterining Vobkent tumani, “Rabotohun” mahalla fuqarolar yig‘inidagi korxonasiga tegishli “Buxoro Agromarkaz” (sobiq “Vobkent paxta qabul qilish punkti”)da 2023 yil bahorgi ekish texnikalarini mavsumga tayyorlash va shu bilan birga, ekin zararkunandalariga qarshi kurashishda biolaboratoriyalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va mavsumga tayyorlash bo‘yicha viloyat ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.
Tumanlardagi agroklasterlar va ularning mas’ullari, agroinspeksiya mutasaddilari va fermerlar, shuningdek, agrokompleksga tegishli korxona va tashkilotlar, biolaboratoriyalar va ular jamoalari qatnashgan seminarni viloyat hokimi o‘rinbosari Amrillo Nazarov olib bordi.
Ta’kidlanganidek, viloyatimiz fermer xo‘jaliklari mirishkorlari, dala sohiblari yakunlangan yil kech kuzida tuproq unumdorligini oshirish, gektarlar mahsuldorligini ko‘tarish maqsadida viloyat miqyosida jami 120 ming 547 gektar yerni chuqur shudgor qilib, har bir konturda chel-marzalarini talabga muvofiq olib, suv yo‘llari, ariq-zovurlarni tozalash kabi ishlardan keyin yer “sho‘rini yuvish”, albatta, irrigatsiya va melioratsiya agrotexnik tadbirlarga e’tiborni kuchaytirgan. Bu kabi agrotexnik tadbirlarda ekin yerini birgina chuqur shudgorlash jarayonida 584 ta yuqori unumli haydov agregati — “CASE”, “Magnum”, “MX–1200”, “Orion” kabi xorij texnikalari kuchidan foydalanilgani, me’yor talabiga muvofiq, tuproq osti 45 santimetrgacha haydalgani — joriy yil qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirishning muhim shartidir. Biroq murakkab iqlim va ob-havo sharoiti dehqonlarimizdan omilkorlik bilan ish ko‘rish, texnika va mexanizmlarni ko‘rikdan o‘tkazib, ta’mirdan chiqarish va o‘z vaqtida hozirlashni taqozo etmoqda.

Ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminarida so‘z olgan viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov ekishda ishtirok etadigan texnika va mexanizmlar ta’miri, moddiy-texnik imkoniyatlar xususida to‘xtaldi. Qayd etilganidek, joriy yil dehqonchilik mavsumi avvalida sobiq “Buxoro Agroservis MTP” va uning ayni paytda joylarda paxtachilik va to‘qimachilik klasterlari tasarrufiga o‘tkazilgan texnika parklari tomonidan chigit ekish mavsumida qatnashadigan mavjud 289 dona ekishgich, shuningdek, mavjud 2 mingtadan ortiq haydov va chopiq traktori, 400 tadan ortiq kultivator, 477 ta chizel, 12 ming 200 tadan ortiq borona mexanizmlarini qayta texnik ko‘rikdan o‘tkazish va sozlash, shay qilish zarur.
Bu jarayonda tumanlardagi ko‘p tarmoqli – mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Merganteks”, “Parvoz Humo Ravnaq Trans”, “Bahor Chanse Textile”, “Buxoro Zarhal teks”, “WBM Romitex”, “BCT Cluster Agrocompleks”, “Buxoro Agrocluster”, “ARK Yeco textile”, “Agrocluster R-tex Qorako’l”, “Yakkatut g‘allachilik va urug‘chilik agroklasteri” kabi ta’minotchi buyurtmachi sub’ektlarning o‘rni va xizmati katta, albatta.
Shu bilan birga, seminarda ayni kunda viloyatda faoliyat olib borayotgan 35 ta biolaboratoriya ishini jadallashtirish, agroklasterlarning mazkur sub’ektlar oldida yig‘ilib qolgan jami 998 million so‘mga teng qarzini qoplash, ularda mehnat qilayotgan jamoa ish haqi va moddiy imkoniyatlarini oshirish barobarida ishlab chiqariladigan foydali hasharotlar uchun arpa, zarur xom ashyo va minerallarni talab darajasida g‘amlash yuzasidan qator tavsiyalar ishlab chiqildi. Tarmoq xodimlariga hosil kushandalari bo‘lgan ko‘sak qurti, qandala, vilt va boshqa zararkunandalarga qarshi biologik kurashishda laboratoriyalar faoliyatini oshirish, oltinko‘z, brakon va trixogramma kabi foydali hasharotlarni ko‘paytirish talabi qo‘yildi.
Ko‘rgazmali seminar qatnashchilari shu yerda ish yuritayotgan “Buxoro Agrocluster” MCHJga qarashli “BIOKURASHCHI” shirkat xo‘jaligi laboratoriyasi, qolaversa, tomchilatib sug‘orish texnologiyasida qo‘llanilayotgan rezina shlanglarni qayta ishlash sexi faoliyati bilan tanishtirildi.
– Shu kunlarda “Buxoro Agrocluster” MCHJ tasarrufiga o‘tkazilgan tuman qishloq xo‘jalik texnikalari parkida joriy yil ekishda va hosilni yig‘ib-terib olishda foydalaniladigan 275 ta chopiq traktori, 275 ta kultivator, 1 ming 482 ta barona, 50 ta chizel, 39 ta chigit ekishgich, agrar tarmoqda keng foydalanilayotgan 26 ta lazerli yer tekislash agregati, shuningdek, 16 ta purkagich, 24 ta “NRU–0,5” rusumli mineral o‘g‘it sepgich apparati texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ta’mirtalablari taxt qilinmoqda, – deydi Agroinspeksiyaning tuman bo‘limi katta inspektori Zarif Orziyev. – Bu jarayonda fermer xo‘jaliklari uchun paxtachilik va to‘qimachilik klasteri tomonidan tashkil etilgan, har birida o‘ndan ortiq, ya’ni temirchi, chilangar, payvandlovchi, avtogen ustasi va bo‘yoqchi kabi mutaxassislarga ega ikki brigada yaqindan ko‘maklashmoqda. Ular madadi bilan qishloq xo‘jaligi texnikalari parkida 80 ta zamonaviy rusumdagi traktor, 22 ta yuqori unumli kombaynning ayni kunda texnik sozligi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilib, nuqson va kamchiliklar bartaraf qilinmoqda. Ayni kunda esa ta’mirlashga tushgan texnikalar xatlovdan o‘tkazilib, ularga jami 22 turdagi butlovchi va ehtiyot qism zarurati yuzasidan “Buxoro Agrocluster” MCHJ ga dalolatnoma kiritilgan.
Viloyat hokimligi mutasaddilari, tegishli idoralar va mas’ullar tomonidan joylarda qishloq xo‘jaligi texnika va mavjud mexanizmlarini mavsumga shay qilish yuzasidan zarur tavsiya va topshiriqlar berilib, jarayonda ehtiyot qism, yoqilg‘i-moylash mahsuloti va moliyaviy ta’minot masalalarini konstruktiv hal qilish bo‘yicha har bir tumanda yuqoridagi kabi ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminarlari tashkil qilinmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA