Puxta amaliyot – tajriba va malaka asosi
Toshkent politexnika kasb-hunar kollejini o‘tgan yili bitirgan Zarnigor Umarova tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. U o‘qishni tamomlab, “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat bankining Mirobod tumani filialidan 10 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, poyabzal do‘konini ishga tushirdi.
Toshkent politexnika kasb-hunar kollejini o‘tgan yili bitirgan Zarnigor Umarova tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. U o‘qishni tamomlab, “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat bankining Mirobod tumani filialidan 10 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, poyabzal do‘konini ishga tushirdi.Dilafro‘z Aliyeva mazkur kollej bitiruvchisi. U keng assortimentdagi kiyimlarni loyihalash va modellashtirish yo‘nalishida tahsil olmoqda. Dilafro‘z “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazilgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining Toshkent shahar bosqichida faol ishtirok etib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Tanlov doirasida tashkil etilgan o‘quv-seminarda o‘z biznes g‘oyam bilan ishtirok etdim, – deydi D.Aliyeva. – Kelajakda tikuv sexi ochib tadbirkorlik faoliyatimni boshlamoqchiman. Seminarlarda banklardan imtiyozli kredit olish tartibi, yosh tadbirkorlarga berilayotgan qulayliklar haqidagi ko‘nikmalarga ega bo‘ldim.
Toshkent politexnika kasb-hunar kollejida 1164 o‘quvchi tahsil oladi. Mazkur bilim maskanida barcha jihozlar bilan ta’minlangan maxsus fan xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, ikkita laboratoriya, zamonaviy komputer xonasi, sport zali, axborot-resurs markazi yoshlar ixtiyorida. Fanlar bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklar o‘quvchilarning bilim va salohiyatini oshirishga ko‘maklashmoqda.
Kollejda yoshlarga moliya, buxgalteriya hisobi, reklama mutaxassisligi, avtotransport vositalarini ishlatish va ta’mirlash, qo‘riqlash-yong‘in aloqasi va signalizatsiya tarmoqlaridan foydalanish, keng assortimentdagi kiyimlarni loyihalash va modellashtirish kabi yo‘nalishlarda ta’lim beriladi. Mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, oshpazlik, elektr jihozlari va tarmoqlari montaji yo‘nalishlari ham ochildi.
O‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini sifatli tashkil etish va kelgusida ularni ish bilan ta’minlash maqsadida “Nefis Sollection”, “YU-Teks”, “Himoya-kiyim”, “Artprint Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Elektroapparat-elektroshit” qo‘shma korxonasi, «Toshissiqquvvati» ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasi singari qator tashkilot va korxonalar hamda kichik biznes subyektlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
– Katta hayotga qadam qo‘yayotgan har bir yoshning dunyoqarashi qanday shakllanishi, kasb-hunar mahorati, davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etishi bugungi ta’lim-tarbiyaga, ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka bog‘liq, – deydi kollej direktori Dilnoza Rasulova. – Ta’lim sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish amaliyotining keng tatbiq etilayotgani ta’lim-tarbiya jarayonidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘tgan o‘quv yilida mazkur kollejni 396 o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, shundan 326 nafari ish bilan ta’minlandi. Sakkiz nafari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. 34 nafari oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda. Joriy yilda bitirayotgan 368 o‘quvchining 92 foizi turli korxonalar bilan to‘rt tomonlama shartnoma imzolagan. To‘rt nafar bitiruvchi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish niyatida.
Darhaqiqat, kasb-hunar kollejlarining ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil ishlar mehnat bozori uchun zarur mutaxassis kadrlar yetkazib berish va yoshlarni egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.