Putin va Tramp telefon orqali gaplashdi
Davlat rahbarlari mazkur xavfga qarshi koʻrilayotgan choralardan bir-birlarini boxabar qilishdi.
Rossiya Federatsiyasi va Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidentlari Vladimir Putin hamda Donald Tramp telefon orqali muloqot qilishdi. Navbatdagi soʻzlashuv chogʻida ikki yetakchi koronavirusning dunyo boʻylab keng tarqalib borayotganidan birdek tashvishda ekanliklarini izhor etishdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmatidan maʼlum qilishgan.
Davlat rahbarlari mazkur xavfga qarshi koʻrilayotgan choralardan bir-birlarini boxabar qilishdi.
Bundan tashqari Putin va Tramp jahon neft bozoridagi bugungi ahvol haqida fikr almashib, energetika vazirlari darajasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar borasida kelishib olishdi.
Prezidentlar oʻzaro aloqalarni davom ettirish zarurligini maʼqullashdi.
Bundan bir necha kun avval Tramp “Fox News” telekanali efirida “Rossiya bilan kelishish, bu – yaxshi" deya taʼkidlagandi. Uning qayd etishicha, neft narxining tushib ketishi Moskva va Ar-Riyod oʻrtasidagi “urush“ natijasida roʻy bergan.
Tramp Vladimir Putin bilan boʻlajak telefon orqali muloqot chogʻida Rossiya prezidenti nimalarni soʻrashi mumkinligi haqidagi taxminlarini ham ilgari surgandi. Jumladan, Putin Trampdan birinchi navbatda Rossiyaga nisbatan amaldagi sanksiyalarni bekor qilishni taklif etadi, deya faraz qilgandi. Bu haqda AQSH yetakchisi oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bildirgan edi.
Tramp Rossiya rahbari avval ham bu haqda ikki bor iltimos qilganini eslatib oʻtgandi.
Shuningdek, Rossiya va AQSH prezidentlari muloqotida neftning narxi, savdo masalalari, Venesueladagi vaziyat va koronavirus pandemiyasi mavzulari ham koʻtarilishi taxmin qilingandi.
Guvohi boʻlganingizdek, telefon orqali muloqotda Trampning taxminlari unchalik toʻgʻri chiqmadi.