Prokuror daʼvogar, ota-ona javobgar boʻldi
Oila muqaddas dargoh boʻlib, farzandlar baxtu kamoli uchun ota-ona masʼuldir.
Oila muqaddas dargoh boʻlib, farzandlar baxtu kamoli uchun ota-ona masʼuldir.
Afsuski, oramizda oʻz burchini unutib qoʻyganlar ham bor.
Fargʻona shahar prokurori katta yordamchisi M.Umaraliyev fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga Quvasoy shahar “Lashkar” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Muhammadjon Qurbonov va Fargʻona tumanida yashovchi Dilfido Qurbonovani ota-onalik huquqidan mahrum qilish boʻyicha daʼvo arizasi bilan murojaat qildi. Sud toʻplangan hujjatlarni muhokama qilib, daʼvoni qanoatlantirdi.
Muhammadjon va Dilfido 2016-yilda qonuniy nikoh asosida turmush qurgan edi. Oʻtgan toʻrt yil davomida oilada ikki nafar farzand tugʻildi. Biroq ular turli sabablar bilan birga yashamay qoʻyishdi. Bu orada tugʻilgan oʻgʻil farzand na unisiga, na bunisiga kerak boʻlmay qoldi. Ota deganlari bolaning yuzini koʻrishni ham istamadi, onasi esa bolani tarbiyalashdan voz kechdi.
Fargʻona tumani xalq taʼlimi boʻlimi qoshidagi vasiylik va homiylik organining tegishli bitimiga asosan chaqaloq Fargʻona viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi 1-sonli “Bolalar uyi”ga joylashtirildi.
Muhammadjon Qurbonov sud majlisiga kelishni oʻziga ep koʻrmadi, Dilfido birinchi bolasi oʻzining qaramogʻida ekani, ikkinchi farzandini moddiy jihatdan taʼminlashga imkoni yoʻqligini roʻkach qildi. Shu tariqa murgʻak chaqaloq tirik yetim qoldi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 79-moddasiga koʻra, ota-ona uzrsiz sabablarga koʻra oʻz bolasini tugʻuruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻxshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin, – deydi fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudi sudyasi yordamchisi Gulyora Joʻraboyeva. – Sud daʼvosini qanoatlantirish bilan birga, javobgarlardan chaqaloq voyaga yetgunga qadar uning moddiy taʼminoti uchun aliment undirish boʻyicha hal qiluv qarorini qabul qildi.