Profilaktika va sog‘lomlashtirish kunlari
Esingizda bo‘lsa, joriy yil avvalida ilk bor yalpi xatlov natijasida aholining salomatlik holatini o‘rganish amaliyoti o‘tkazilib, salomatlik holati va kasallanish darajasidan kelib chiqqan holda, aholi 4 ta xavf guruhlariga tasniflangan edi.
Bunda salomatligidan shikoyat bo‘lmagan, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga rioya qiluvchi aholi 1-guruhga, amalda sog‘lom bo‘lsa-da, turli xil kasalliklar xavf omillari bo‘lgan, tez-tez kasal bo‘luvchi aholi 2-guruhga, surunkali kasalliklarga chalingan, lekin ularning asoratlari namoyon bo‘lmaganlar 3-guruhga hamda surunkali kasalliklar asoratlari bor, nogiron va o‘zgalar parvarishiga muhtoj aholi 4-guruhga tasniflandi.
Har bir guruh vakillari uchun individual tarzda oila shifokori yoki zaruratga ko‘ra, tor soha mutaxassislarining nazorati, sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya rejalari maxsus standartlarga muvofiq belgilandi.
Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan joriy yilning 4 oktyabridan 20 oktyabrigacha Profilaktika va sog‘lomlashtirish kunlari o‘tkazilmoqda
Boshlangan ushbu profilaktika va sog‘lomlashtirish haftaligini o‘tkazishdan asosiy maqsad pandemiya holati yengillashgan davrda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha individual va ommaviy tadbirlarni yanada jadallashtirish, bemorlar holidan xabar olish va ularni yashash joylarida ixtisoslashtirilgan ambulator va statsionar yordam olishlarini ta’minlash hamda yil davomida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilishdan iborat, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, joylardagi rahbarlar va tibbiy xodimlarga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxonova va Aholining sog‘lom turmush tarzini qullab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bo‘ldi.
Xizmat safari davomida hududlardagi mavjud muammolarning yechimlarini o‘z joyida hal qilish va rejalashtirilgan tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari M. Jumanov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida tibbiyot xodimlari bilan suhbatlar o‘tkazilib, mahallalarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi va uyda yotib qolgan bemorlar holidan xabar olindi. Ularga tegishli mutaxassislar konsiliumi o‘tkazildi va maslahatlar berildi.
Elmira Basitxonova boshchiligida Xorazm viloyatining Bog‘ot va Yangibozor tuman tibbiyot birlashmalarida tashkil qilingan hududiy seminarlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari mutasaddilari, birlamchi tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida profilaktika va sog‘lomlashtirish kunlarida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Uchrashuvlar davomida hududlarda tashkil qilingan tumanlararo perinatal markazlar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi "Ayollar maslahatxonasi" bo‘limi, "Qizlar salomatligi markazi” ,“Ona va bola klasteri” , "onko-nazorat" xonasi, bolalar bo‘limi faoliyatlari ham o‘rganilib, yangi vazifalar belgilandi.
Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil qilingan “Salomatlik maktabi” faoliyati ham o‘rganildi. Bunda MFY idorasidagi “Salomatlik burchagi” holati, mahallaning tibbiy brigadasi tomonidan aholining 1- va 2- guruhlar bilan ishlash jarayonlari, 3- va 4-guruh fuqarolari bilan ishlash holati tahlil qilindi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA