Profilaktika inspektorlari faoliyati o‘rganilmoqda
Navoiy viloyatida ham jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora tadbirlar, mazkur jarayonda mahallarda bevosita faoliyat yurituvchi xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, ularga uslubiy, amaliy ko‘mak berish maqsadida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Viloyat prokurori Baxtiyor Ahmedov va ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ilhom Tillayev viloyatning Navoiy shahri, Karmana, Navbahor va Konimex tumanlarida mahallalarda bo‘lib, profilaktika inspektorlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, ularning muammolari bilan qiziqdi.
Suhbatlar jarayonida har bir hudud profilaktika inspektori oldida turgan muhim vazifalar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni chuqur o‘rganish, kelgusida ularning oldini olish uchun aniq yo‘l xaritalari ishlab chiqish, ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, ma’lumotlarni sudlarga yuborishda elektron masofaviy tizimni tashkil etish kabi bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
– Prezidentimizning hududlarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlariga har tomonlama ko‘mak berish ularning muammolarini o‘rganib, joyida bartaraf etish zarurligi borasidagi fikrlari har bir rahbarni o‘z ishiga tanqidiy yondashuvini talab etadi, – deydi viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik I.Tillayev. – Tumanlarda bo‘lib, ularning ishini o‘rganish mobaynida shu narsaga amin bo‘lyapmizki, profilaktika inspektorlarining ish yuklamalari, muammolari talaygina. Bu esa bevosita ish sifatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Biz mazkur jarayonlarni viloyat prokurori bilan chuqur tahlil qildik. Ularning ish samaradorligini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida mahallalarda tezkor xodimlar kuchidan ham keng foydalanamiz. Ishni mahallabay tashkil qilish, har bir hududning kriminogen vaziyati bo‘yicha maxsus xaritalarini tashkil qilib jinoyatlarni oldingi yillar bilan bevosita taqqoslab borishni va bu orqali hududlarni doimiy nazoratda ushlab turishni maqsad qildik.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ish sifatini oshirish va tizimdagi muammolarni hududlar kesimida mahallabay bartaraf etish masalasi bugun dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Navoiy viloyatida bu boradagi amaliy ishlarga kirishilib topshiriqlar ijrosi ta’minlanmoqda. O‘rganishlar tumanlar kesimida davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA