Profilaktik ishlar izchil davom ettirilmoqda
Yozning issiq kunlarida suv havzalari aholi uchun sevimli hordiq manziliga aylanadi. Biroq dam olish zavqi xavfsizlik qoidalariga rioya etilmagan taqdirda og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois mamlakatimizda suv ob’ektlarida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda aholi o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan profilaktik ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jizzax viloyatida ham mazkur yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Ana shunday tadbirlar doirasida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Abdunabi Mustafoyev tomonidan Jizzax Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi qoshidagi ochiq va yopiq suzish havzalarida o‘rganish hamda profilaktik targ‘ibot ishlari tashkil etildi.

Tadbir davomida suzish havzalarining texnik va sanitariya holati atroflicha tahlil qilindi. Xususan, qutqaruv vositalarining mavjudligi va sozligi, xavfsizlik belgilarining to‘g‘ri joylashtirilgani, navbatchilik xizmatlarining tashkil etilishi hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi o‘rganildi.
Mas’ullar tomonidan suv havzalaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga so‘zsiz amal qilish, favqulodda holatlarda tezkor va to‘g‘ri harakat qilish tartibi, shuningdek, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murabbiylar va xodimlarga zarur tushuntirishlar berildi.


Mutaxassislar ta’kidlaganidek, suv havzalarida xavfsizlikni ta’minlash faqat mas’ul tashkilotlar emas, balki har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyatiga ham bog‘liq. Zero, hushyorlik va ehtiyotkorlik ko‘plab ko‘ngilsiz holatlarning oldini oladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri