Professor Lu Chang: Surxondaryoda jozibador sarmoyaviy muhitni ilg‘ayapmiz
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida ilk bor “O‘zbekiston (Surxondaryo)-Xitoy” investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Muxbirimiz Xitoy delegatsiyasi vakillarining dastlabki taassurotlari bilan qiziqdi:
Qu Junqiu, “Yuntong International Co. Ltd” kompaniyasi muhandisi

– Surxondaryoga birinchi marta kelishim. Bozorni va muhitni o‘rganish uchun keldim. Mahalliy korxonalar bilan tanishib, sarmoya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqchiman. Forumga taklif qilinganimizdan xursandmiz. Kompaniyamiz sun’iy intellektga asoslangan aqlli uy, shahar va zamonaviy texnikalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Termiz boy taassurot uyg‘otdi. Barcha mas’ullar va bizni samimiy kutib olgan mezbonlarga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Lu Chang, Sharqiy Xitoy pedagogika universiteti professori:

– Men O‘zbekistonning Surxon vohasiga ilk qadam qo‘yishim bilan shuni angladimki, Termiz tarixiy madaniyatga juda boy, Afg‘onistonga qo‘shni shahar ekan. Yo‘lboshlovchilar bu yerning qadimgi Buyuk Ipak yo‘li ustidagi eng muhim shahar ekanini aytishdi. Shaharning Xitoyda mashhur bo‘lgan buddaviylik markazi hisoblangani ham juda qiziqarli. Islom dini ham, buddizm ham hamisha tinchlik, osoyishtalikni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz qaysi dinda bo‘lmaylik, barchamiz aka-ukadek qardosh xalqlarmiz.
Termiz orqali Afg‘oniston bozoriga kirish yengillashgani tadbirkorlarimizga katta imkoniyat yaratmoqda. Biz O‘rta Osiyoning madaniy aloqalari, Shanxay hamkorlik tashkiloti va ikki mamlakat aloqalarini o‘rganib, tadbirkorlarimiz uchun ma’lumot taqdim etamiz. O‘zbekistonda hozir nafaqat turizm, balki ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ham keng imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. Surxondaryoda jozibador sarmoyaviy muhitni ilg‘ayapmiz. Mehmondo‘stlik va o‘zaro hamkorlik uchun tashakkur aytamiz.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri