Professional ta’lim tizimida qanday adabiyotlar yaratildi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida professional ta’lim tizimida yaratilgan adabiyotlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning birinchi yarmida umumkasbiy va maxsus fanlardan 78 nomda 141 ming 144 nusxadagi yangi o‘quv adabiyotlari nashr etildi va soha yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasalariga yetkazildi. Texnologik yangilanishlar hisobida umumkasbiy va maxsus fanlar bo‘yicha 1 ming 260 nomdagi o‘qitish materiallari to‘plami respublika miqyosida ommalashtirildi.
[gallery-13645]
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil yakuniga qadar umumkasbiy va maxsus fanlardan 117 nomdagi 60 ming 601 nusxada o‘quv qo‘llanmalar nashr etilib, ta’lim yo‘nalishlariga yetkaziladi. Mazkur o‘quv qo‘llanmalarni tayyorlashda oliy ta’lim muassasalaridan 151 nafar, professional ta’lim muassasalaridan 71 nafar professor-o‘qituvchilar qatnashgan.
Tadbirda o‘quv qo‘llanmalar mazmun-mohiyati, o‘quvchi-yoshlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarini oshirishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Bu o‘quv qo‘llanmalar yangi o‘quv reja va dasturlar asosida yaratilgan bo‘lib, ulardagi ma’lumotlar o‘quvchilarni fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, fandagi yangi texnologiyalarni qo‘llash, ularni sodda va ravon tilda tushunish hamda o‘zlari ustida qo‘shimcha ravishda bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga yaqindan yordam beradi.
Tadbir yakunida vazirlikning professional ta’lim muassasalari yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratgan 3 nafar muallifga “Faxriy yorliq” va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shu bilan birga, tadbir davomida Shayxontohur tuman kasb-hunar maktabida o‘tkazilgan “Kitobxonlik” tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA