Prezidentni yig‘latgan Ona maktubi
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Munavvarxon aya o‘g‘lidan ayrilgan o‘sha mudhish kunni sira unuta olmaydi. Unga faqat bir yupanch bor: Boburjon Vatan himoyasi yo‘lida, terrorchilarga qarshi bo‘lgan jangda o‘z jonini fido qildi.
Qahramonlarning onasi ham farzandidek mard, fidoiy bo‘lar ekan. Marg‘ilon shahar “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Munavvarxon G‘aniyeva bilan suhbatlashib, bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
2000 yilning iyul-avgust oylarida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlari tog‘li qishloqlariga bir guruh terrorchilar bostirib kirdi. Qonli to‘qnashuvlarda bir qancha mard, dovyurak yigitlar qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shulardan biri, 23 yoshli leytenant Boburjon G‘aniyev edi. Mard yigit o‘limi uning onasi, jigarlarini qanchalik qayg‘uga solganini tasavvur etish qiyin. Bir o‘g‘lonni voyaga yetkazib, el koriga yaraydigan qilib tarbiyalab, kamolini ko‘rmasdan so‘nggi manzilga kuzatish osonmi? Axir bir oydan so‘ng uning nikoh to‘yi bo‘lishi kerak edi-da... Onaning orzulari ro‘yoga aylandi.
Farzand dog‘ida ado bo‘lgan Munavvarxon aya o‘shanda Prezident Islom Karimovga maktub yo‘lladi. Islom Karimov bu maktubni Oliy Majlis sessiyasida o‘qib eshittirdi.
“O‘g‘lim o‘zini xizmat burchini ado etayotgan vaqtda o‘z ona yurtini himoya qilib, qahramonlarcha halok bo‘ldi. Men bunday o‘g‘ilni boqqanimga mingdan ming roziman. Bolamga bergan oq sutimga roziman” degan so‘zlarni bitgandi onaxon. Islom Karimov ushbu maktubni kuchli hayajon va ko‘zida yosh bilan o‘qib eshittirgan edi.
Marg‘ilonda G‘aniyevlarni harbiylar oilasi sifatida yaxshi bilishadi. Otasi Abduhamid aka kapitan unvonida Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilgan. Onasi o‘qituvchi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Munavvarxon G‘aniyeva pedagog sifatida el orasida e’zoz topgan. Nafaqaga chiqqanidan so‘ng 13 yil “Yo‘rmado‘z”, “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘iniga raislik qildi. Mahallaning chin ma’noda vijdoni bo‘la oldi. Haj ziyorati nasib qildi, bugungi kunda 82 yoshli onaxon farzandlari va nevaralari e’zozida umrguzaronlik qilmoqda.
–Turmush o‘rtog‘im 45 yoshida vafot etib, besh nafar farzand tarbiyasi zimmamga tushgan, – deydi Munavvarxon aya. – Xudoga shukr, ularni oq yuvib, oq taradim, barchasini o‘qitdim. Vatanparvarlik tarbiyasiga muhim e’tibor qaratdim. Uch nafar farzandim dadasini yo‘lini tanlab, harbiy bo‘ldi. Ularning ichida kenjatoyim – Boburjon juda boshqacha edi. Baland bo‘yli, kelishimli o‘g‘limga hamma havas qilardi. Bir so‘zli, va’daga vafodor edi u. O‘g‘limning halok bo‘lganligini eshitganimda butunlay o‘zimni yo‘qotganman. Ta’ziyasida tumonat odam yig‘ilgan. Bor kuchimni yig‘ib, shunday mard o‘g‘lonni dunyoga keltirganimga shukrona aytganim kechagidek esimda. Tuni bilan mijja qoqmay Prezidentga xat yozganman. U kishi xatimni olib, ko‘zida yosh bilan o‘qib bergani esa menga katta kuch bag‘ishlagan.
Yillar ko‘z ochib yumguncha o‘tarkan. Ammo mard o‘g‘lon xotirasi qalblarda mangu yashamoqda. Boburjon yashagan xonadonda uy-muzeyi tashkil etilib, yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan. Tug‘ilib o‘sgan ko‘chaga uning nomi berilgan.
Munavvarxon aya shunday vatanparvarlarni tarbiyalaganidan, qahramonning onasi bo‘lganidan qalbi g‘urur va iftixorda. Onalarning buyukligi ham aslida shu.
M. Sulaymonov, M. Qodirov(surat), O‘zA