Prezidentimizning Boku sammitidagi nutqi Ozarbayjon OAV nigohida
Ma’lumki, yaqinda Boku shahrida Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan Yetakchilar sammitida davlatimiz rahbari ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
E’tiborlisi, Prezidentimizning mazkur nufuzli yig‘inda ilgari surgan taklif va tashabbuslari Ozarbayjonning yetakchi ommaviy axborot vositalari, xususan, “AzerTAJ”, “Report” va “APA” axborot agentliklari diqqat markazida bo‘ldi.

Nashrlarning yozishicha, O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida rasmiy Toshkent bundan keyin ham Ozarbayjonning Qorabog‘ mintaqasini tiklash va yanada rivojlantirish ishlariga yaqindan ko‘maklashishga tayyor ekanini alohida ta’kidlagan.
– Butun Ozarbayjon diyorida, ayniqsa, Qorabog‘ zaminida ulkan bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Ozod qilingan hududlarda qisqa muddatlarda butun boshli shaharlar qayta tiklanib, yangi turar joy majmualari, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etilyapti. Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga munosib hissa qo‘shishga O‘zbekiston doim tayyor ekanini ta’kidlamoqchiman, -dedi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev o‘z nutqida.

Ozarbayjon matbuoti ushbu bayonotni ikki qardosh davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi strategik sheriklik va samimiy do‘stlikning yorqin namunasi sifatida baholamoqda. Tahlilchilarning qayd etishicha, O‘zbekiston Qorabog‘ni qayta tiklash jarayonida faol ishtirok etayotgan davlatlardan biridir. Bunga misol sifatida avvalroq, Fuzuliy shahrida yurtimiz tomonidan qurib berilgan zamonaviy maktabni ko‘rsatish mumkin.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining Boku sammitidagi ishtiroki va bildirgan tashabbuslari Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik, shaharsozlikni rivojlantirish va Ozarbayjon bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan intilishlarini yaqqol namoyon etdi, deyish mumkin.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA