Prezidentimiz murojaatnomasi joylarda targ‘ib qilinmoqda
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan davlatimiz rahbarining 20 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasining mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan tashabbuslarni aholiga yanada kengroq yetkazishga doir targ‘ibot-tashviqot tadbiri Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumani hokimligi majlislar zalida tashkil qilindi.
Unda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, tuman Kengashi deputatlari, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, fermerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov so‘zga chiqib, murojaatnomaning mazmun-mohiyati, aholiga yaratilayotgan imtiyozlar va yangi imkoniyatlar, inson qadri uchun amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashdek ulug‘ g‘oya ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu jumladan, ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor, xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ta’lim va tarbiyaning sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dasturning qabul qilinishi shular jumlasidandir.

Tadbir davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or fermerlar va tomorqa yer egalariga “Ilg‘or fermer” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Spiker o‘rinbosari A.Haitov tumandagi “Paxtachi” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “To‘rtko‘l kunjut” mas’uliyati cheklangan jamiyatida, ushbu jamiyatga qarashli issiqxonada bo‘lib, mahsulotni qayta ishlash, eksportga chiqarilayotgan pomidor mahsulotini yetishtirish va qadoqlash jarayonlari bilan tanishdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri