Prezident topshirig‘i amalda: institut yangi binoda ish boshladi
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning tabrigini viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Asqar Bahronov o‘qib eshittirdi.
Mehmonlar kampus bo‘ylab ekskursiya qilishdi. Yangi binoning imkoniyatlari va bu yerda joylashgan zamonaviy klinika hamda Simulyatsion markaz faoliyatiga yuqori baho berishdi. Ta’kidlash joizki, mazkur bino qurilishiga Prezidentimizning 2017 yil mart oyida Buxoro viloyatiga qilgan safari davomida berilgan topshiriqlar muhim ahamiyat kasb etdi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro hamkorlik qilish borasida yetakchi o‘rinda turadi. Institut ayni paytda 50 ga yaqin xalqaro oliy ta’lim muassasasi va tashkilot bilan imzolangan memorandum va shartnomalarga muvofiq faoliyat ko‘rsatmoqda. Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida joriy o‘quv yilida jami 7 ming 200 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan bir nechta xorijiy davlatdan 2 mingga yaqin talaba kelib, Buxoroda tib ilmidan tahsil olmoqda. 2026 yilga borib oliy ta’lim dargohida ta’lim oladigan yosh iste’dod egalari sonini 15 ming nafarga, shundan chet ellik talaba sonini esa 5 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
[gallery-10916]
Ayni kunda AQSH, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya Federatsiyasi, Iordaniya kabi mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan o‘zaro ilmiy-amaliy o‘quv dasturlari doirasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish barobarida o‘zbekistonlik, xususan, buxorolik bo‘lg‘usi shifokorlarning mazkur mamlakatlarda tahsil olishi, doktorantura va boshqa bosqichlarda ilmiy izlanishlarini tashkillashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Buxoro davlat tibbiyot instituti 1990 yilda tashkil topgan. Hozirda institutda 8 ta fakultet va 42 ta kafedra, 12 ta bakalavriat hamda 24 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalq xo‘jaligining tibbiyot sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida kelgusi o‘quv yilidan yana 2 ta yangi fakultet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat va 6 ta magistratura yo‘nalishida mutaxassislik ochilishi ko‘zda tutilgan.
Kunning ikkinchi yarmida yangi foydalanishga topshirilgan tibbiyot institutining kichik majlislar zalida mamlakatimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlarining rayosat kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda milliy tibbiyot va farmatsevtika ta’limini modernizatsiya qilish, ushbu sohaga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, ta’lim olayotgan yoshlarga ma’naviy-axloqiy tarbiya berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha so‘z bordi. Yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy ta’lim metodikasi, ilg‘or xorijiy davlatlarning o‘quv dasturlari orqali yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, yetuk kadrlarni tayyorlash masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda yurtimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari ta’lim tizimini yanada takomillashtirishda o‘zaro hamkorlikda ish olib borish masalalari muhokama qilindi. Qator muhim masalalar bo‘yicha muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA