Prezident tashabbusi – amalda: Sirdaryoliklar Qonliko‘lda
Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash borasida xayrli tashabbus ilgari surildi. Har bir tuman respublikamiz viloyatlariga biriktirib berildi.
Sirdaryo viloyati Qonliko‘l tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga mas’ul etib belgilangan. Sirdaryoliklar bu vazifani bajarishga chin dildan, astoydil kirishgan. Hozirda Qonliko‘l tumani markazida mutasaddilardan iborat viloyat shtabi tuzilgan. Bu yerda mahalliy mas’ullar bilan birga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yordam ko‘rsatish ko‘lami keng. Har bir ish bo‘yicha maxsus rejalar ishlab chiqilgan. O‘tgan vaqt davomida ko‘pgina mahallalarda hammom qurildi. Yangi quvurlar tortilib, ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.

Ko‘chalarga qum-shag‘al aralashmasi va qora qoplama yotqizildi. Sirdaryolik tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida qiymati 570,5 milliard so‘mlik dastlabki 14 ta loyiha shakllantirildi. Ana shunday loyihalardan biri 0,4 gektar yer maydonida tashkil etilgan tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Sirdaryo chevarlari” tikuvchilik fabrikasidir. Fabrikaning loyiha qiyamati 1,5 milliard so‘m bo‘lib, tikuv va bichuv mashinalari, dazmollar, mebellar kabi zaruriy anjomlar bilan jihozlangan. Shu paytgacha hududdagi eng katta muammo ishsizlik edi. Mazkur fabrika aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘ldi. Bu yerda 120 ta ish o‘rni tashkil etilgan.

Shuningdek, tashabbuskor “BEST SAN OIL” MCHJ tomonidan 3 ming gektar hududda kungaboqar yetishtirish va qayta ishlash orqali bir kecha kunduzda 1000 tonna pista yog‘ini tayyorlash quvvatiga ega bo‘lgan sanoat klasterini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Bugunga qadar tumandagi 345 kilometr ichki zovurlar tozalandi hamda 5 ming gektar yer maydoni shudgorlandi. 10 gektar maydonga jami 10 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, Sirdaryo – Qonliko‘l do‘stlik bog‘i tashkil etildi. E’tiborlisi, ko‘chat oralariga qovun urug‘lari ekilishi qovunchilikda “Sirdaryo tajribasi” ning keng ommalashuviga xizmat qiladi.

Tuman aholisining ijtimoiy muhofazasi ham nazardan chetda qolgani yo‘q, albatta. Bu yerdagi kam ta’minlangan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 120 million so‘mlik 10 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari, qiymati 45 million so‘m bo‘lgan tovuqlar tarqatildi. 100 ta oilaning har biriga 1 sotixga mo‘ljallangan issiqxona qurib berilayapti. Buning uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu toifadagi oilalar uchun turli madaniy tadbirlar, sayohatlar uyushtirish bilan birga, ularni viloyatdagi sihatgohlarda sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi hokimlik mas’ullari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, tadbirkor-fermerlar, madaniyat va san’at, tibbiyot xodimlari, nuroniylar hamda yoshlardan iborat viloyat delegatsiyasi Qanliko‘l tumanida bo‘ldi.

Tumanning “Qonliko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida 638 xonadonda 4254 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 2 ta umumta’lim maktabi, 1 ta 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta oilaviy poliklinika, 8 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va 1 ta qolipli non ishlab chiqarish korxonasi mavjud. Ushbu mahalla fuqarolar yig‘inini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo‘yicha viloyatning Guliston tumani mas’ullaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhi tomonidan mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.
Bugunga qadar gulistonlik hasharchilar tomonidan hududda bunyodkorlik va obodonlashtirish hamda “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Xususan, mahallada barcha zamonaviy jihozlarga ega ko‘chma konteynerli erkaklar va ayollar hammomi qurildi. Ko‘chalar bo‘ylab 5 mingdan ortiq manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. 60 ta xonadonning fasad qismi bo‘yalib, tartibga keltirildi. Viloyat vakillarining mahlladagi o‘rganishlari asnosida "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" da turuvchi oilalarga 300 bosh tovuq, 10 ta tikuv mashinasi, 10 ta mikroto‘lqinli pechlar tarqatildi.

"Guliston Sayqal tekstil" agroklesteri homiyligida 3-sonli umumta’lim maktabi kutubxona fondiga 300 ga yaqin badiiy adabiyotlar to‘plami hamda 3-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga suvni qayta tozalovchi uskunalar hamda bolajonlar uchun o‘yinchoqlar berildi. Shuningdek, 15-sonli oilaviy poliklinikaga 66 turdagi dori-darmon hamda matras, choyshablar va boshqa gigiyena vositalari topshirildi. Bu kabi tadbirlar Sayxunobod tumaniga biriktirilgan “Bisko‘pir” mahallasida ham davom etdi. Mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga 10 ta tikuv mashinasi, 10 bosh qoramol, mini inkubator sexi, motokultivator, elektrosvarka apparati ulashildi. Shuningdek, ishsiz fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, ularga 2 sotixlik issiqxonalar qurib berilishi rejalashtirildi.

Kitob – bilimlar xazinasidir. Shu kuni delegatsiya tarkibidagi sirdaryolik ma’naviyatchilar kitoblar karvonini tashkil etib, umumta’lim maktablariga adabiyotlar taqdim etildi. Ikki kun davomida "Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun" tamoyili asosida sirdaryolik tajribali shifokorlar, tor soha mutaxassislari tomonidan barcha mahallalarda aholi o‘rtasida tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha shu yerning o‘zidayoq davolash choralari ko‘rildi, maslahatlar berildi. Ko‘rik davomida fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakillantirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari ham amalga oshirildi.

Ta’kidlash joizki, 108 nafar turli soha vakillaridan iborat sirdaryoliklarning hududga tashrifi qonliko‘lliklarga o‘zgacha ruhiyat, o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Shu kunlarda madaniyatlar birlashdi. Sirdaryoning el suygan san’atkorlari, qozok, turkman, tojik, qorakalpok milliy raqs dastalarining chiqishlari, turli millat san’atkorilarning xalqlarimiz do‘stligini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiklari qonliko‘lliklarga unutilmas onlarni bag‘ishladi. Xullas, bu kabi madaniyatlar sarchashmasi ulug‘ ishlarga yo‘l ochib, do‘stlik, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi, turli xalqlarni yagona maqsad sari birlashtiradi. Albatta bu sa’yi-xarakatlardan maqsad ezgulik, inson qadrini ulug‘lash, respublikamizda yashayotgan barcha fuqarolarga teng sharoit va imkoniyatlar yaratib, taraqqiyot uchun birgalashib harakat qilishdan iboratdir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA