“Prezident sovg‘asi”dan dillar shodlikka to‘ldi
Xalqimizga xos bolajonlik, yuksak insonparvarlik, mehr va e’tibor namunasi sifatida mamlakatimizning barcha hududlarida, shahar va tumanlarida an’anaviy tarzda “Prezident sovg‘asi” tantanali tarzda topshirilmoqda.
Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi”da ham “Prezident sovg‘asi”ni o‘g‘il-qizlarga topshirish katta tantanaga aylandi. Maskanda tarbiyalanayotgan 63 nafar tarbiyalanuvchini Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov samimiy tabriklab, ertamiz egalarining kelgusi hayoti, o‘qish va izlanishlarida omad va ulkan zafarlar yor bo‘lishini tiladi.

20 nomdagi shirinlik, uch xil o‘quv qurollari va ikki turdagi jihozlar jamlangan “Prezident sovg‘asi”ni qabul qilib olgan bolajonlarning nigohlari quvonchdan porlab, dillari shodlikka to‘ldi. Tarbiyalanuvchilar ijrosidagi betakror kuy-qo‘shiqlar, “Qor parchasi” raqsi, mittivoylar chiqishi, doira kuyi, “Bo‘g‘irsoq” ertagi asosida namoyish etilgan teatr tomoshasi barchada birdek ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 109 chin yetim o‘quvchi, xizmat burchini bajarish paytida halok bo‘lgan 15 nafar ichki ishlar organlari, uch nafar mudofaa ishlari boshqarmasi, ikki nafar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda besh nafar bojxona boshqarmasi xodimining farzandlariga, 3 – 15 yoshdagi “Go‘daklar uyi”ning 46 nafar tarbiyalanuvchisiga “Prezident sovg‘asi” mahalliy hokimliklar, sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA