"Prezident sovg‘asi" Namanganga yetib keldi
Xalqimizga xos bolajonlik va yuksak insonparvarlik ifodasi sifatida har yili butun mamlakatimiz bo‘ylab "Prezident archasi" tantanalarini o‘tkazish va oilaviy bolalar uylari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiylarning farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 3-15 yoshli bolalari uchun "Prezident sovg‘asi"ni topshirish ezgu an’anaga aylangan.
Ma’lum qilinishicha, Yangi yil ayyomi arafasida mamlakatimiz bo‘yicha 9070 bolajonga "Prezident sovg‘asi" topshiriladi. Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Namangan viloyatiga ham "Prezident sovg‘asi" yetib keldi. Ushbu sovg‘alar shirinlik, o‘quv qurollari va kitoblardan iborat.

Shuningdek, Bolalar shaharchalari, Oilaviy bolalar uylari va "SOS" bolalar mahallalarining 12 yoshdan katta bo‘lgan tarbiyalanuvchilariga zamonaviy planshet ham sovg‘a qilinadi.

Namanganda "Prezident archasi" tantanasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 212 nafar bola "Prezident sovg‘asi" bilan taqdirlanadi. Mazkur tantanani ko‘tarinkilik bilan o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA