Prezident sovg‘asi – beshariqlik o‘quvchilarga nasib etdi
Farg‘onada umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Umid nihollari – 2022” sport musobaqasining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kichik olimpiada nomini olgan “Umid nihollari” sport musobaqasining barcha ishtirokchilari, sovrindorlarini mustaqillik bayrami bilan samimiy qutladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, boshqa davlatlarda bo‘lmagan tizim tashkil qilinganligi, bugungi kunda yoshlarimizni sportga qiziqishini oshirish, ommaviy sportga keng jalb qilish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.
“Umid nihollari” sport musobaqasining hududiy bosqichlari viloyatda yuksak saviyada o‘tkazilib, sportning o‘ndan ortiq turi bo‘yicha bellashildi. Musobaqaning maktab bosqichlarida jami 515 ming nafar o‘g‘il-qiz kuch sinashib, ularning 103 ming nafari shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi. O‘tkazilgan hududiy va viloyat final bosqichlarida 2 ming 983 nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 1 ming 200 nafarini qizlar tashkil etdi.
[gallery-8545]
“Umid nihollari – 2022” sport musobaqasining viloyat final bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar va ularning murabbiylari sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Beshariq tumani jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi sifatida “Damas” rusumli avtomashina kalitini viloyat hokimidan qabul qilib oldi.
M.Sulaymonov,M.Qodirov(surat), O‘zA