Prezident saylovi haqida tushuncha berildi
O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi hamda O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi, shuningdek, Prezidentimizning 2018 yil 18 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tadbirda xalqimizga xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining o‘rni va ishtirokini oshirish borasida hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, mazkur farmon bilan diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, «jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish hamda dinni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadigan buzg‘unchi yot g‘oyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholi, ayniqsa, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish, jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish kabi mavzular xususida fikr-mulohazalar almashildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA