Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi
Prezident raisligida ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat yetishtirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish, shu bilan birga g‘allani yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
–Ko‘rib turibsiz – dunyoda oziq-ovqat tanqisligi muammosi kuchayib bormoqda. Ayniqsa, mahsulot yetishtiruvchi asosiy davlatlarning eksportga cheklovlar qo‘yishi va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Bizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanadi. Shu bois yuqoridagi xavf-xatarlarning aholimizga ta’sirini yumshatish bo‘yicha har bir mahalla, tuman, viloyat darajasida aniq hisob-kitob va chora-tadbirlar qilish kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berganmiz, – dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.
Qayd etilganidek, yil boshida paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobidan aholiga 80 ming gektar maydonni bo‘lib berish boshlandi.
Aholi xonadonlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 3 mingdan ziyod “Tomorqa xizmati” infratuzilmasi yaratildi. Tomorqada mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o‘zida 400 milliard so‘m imtiyozli mablag‘lar ajratildi. O‘tgan 6 oyda 821 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 102 ming tonna ko‘p meva-sabzavot eksport qilindi.
Hozirga qadar ajratilgan 64 ming gektarda jami 785 ming aholi bandligi ta’minlandi.
O‘zA