Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi
Prezident raisligida poytaxtimizdagi 102-zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab internatida Saxovat, Muruvvat va Mehribonlik uylari hamda maxsus maktab-internatlar faoliyati bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
–Avvalambor, siz, azizlarni muborak Ramazon oyida sog‘-salomat va yaxshi kayfiyatda ko‘rib turganimdan xursandman. Ushbu qutlug‘ oyda Allohning marhamati bilan butun yer yuziga baraka va yaxshiliklar yog‘iladi. Sabr-qanoat va xayr-saxovatli ishlar uchun ko‘p-ko‘p savoblar yoziladi, – dedi davlatimiz rahbari. –Muborak Qur’oni karimda ham “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, deb ta’kidlangan.
Barchangiz yaxshi bilasizlar, biz amalga oshirayotgan tub islohotlarimiz doirasida xalqparvar davlat yaratish, inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashni eng ustuvor yo‘nalishlar qatorida belgilaganmiz. O‘tgan yili 25 martda alohida Farmon qabul qilib, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, Saxovat va Muruvvat internat uylari tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Jumladan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, Saxovat va Muruvvat uylari, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazildi.
Saxovat, Muruvvat uylari, Respublika faxriylar pansionatining rahbar va shifokorlari ish haqi 1,5 barobarga, kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari ish haqi 2 barobarga oshirildi.
Ushbu internat uylarda yashovchi 9 ming 400 nafar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, hamda 18 ming nafar hech kimi yo‘q va yolg‘iz yashaydigan fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi.
Nogironligi bo‘lgan 900 nafar bolalar protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlandi.
“Zamin” jamg‘armasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bolalar jami 4 mingta raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlandi, 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlandi. Shuningdek, 1 ming 100 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar pultli aravachalar bilan ta’minlandi.
O‘zA