Prezident qarori ijroda: paxta hosildorligi oshadi
Paxtachilik qishloq xo‘jaligida asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishlari esa soha oldiga yangidan-yangi vazifalar qo‘yib, ilm va innovatsiyalarni joriy qilishni taqazo etmoqda.
Shu sababdan paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmi va daromadni oshirish maqsadida joriy yilning 7 iyulida “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi tashkil etilib, bir qator vazifalar belgilab berildi.
– Kengash raisi va umumiy rahbarlik Innovatsion rivojlanish vaziriga yuklatildi, – deydi Navoiy viloyati Innovatsion rivojlanish vazirligi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Shahobiddin Xolboyev. – Har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga topshiriqlar berish, tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va organik o‘g‘itlar bo‘yicha tavsiyalar berish kabilar Kengashning asosiy vazifalari sifatida belgilandi. Shuningdek, g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish, klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlarini ekish va urug‘larini ko‘paytirish, paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish, xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urug‘chilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish kabi ishlar ham bevosita Kengash tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika bo‘yicha Paxtachilik kengashi faoliyati dastlab 13 ta tumanda amalga oshirilib, Navoiy viloyatida Navbahor tumani tanlab olingan.
“Navbahor Tekstil” MCHJ tomonidan 2022 yil hosili uchun tumanda faoliyat yuritayotgan 184 ta fermer xo‘jaliklariga tegishli 7 ming 300 gektar yer maydonidan 26 ming 522 tonna paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari imzolangan edi. Mazkur fermer xo‘jaliklarining yer maydonlariga “Buxoro – 102” g‘o‘za navi ekilib, parvarish qilindi. 1550 tonna ammofos, 5300 tonna azotli va 755 tonna kaliyli o‘g‘itlar sarflandi. Shartnoma rejasi 26 ming 594,4 tonna qilib, 100,16 foizga bajarildi.
Kengash tomonidan hududlarda olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida tuzilgan Ishchi guruh a’zolari Navbahor tumanining “Yangi yo‘l”, “Beshrabot”, “Yangi qo‘rg‘on”, S.Jo‘rayev hududlaridagi fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, g‘o‘za parvarishi, sug‘orish tartibi, mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar bilan tuproqqa va g‘o‘za bargiga ishlov berish, tuproqning holati hamda tanlangan g‘o‘za navini joylarda mosligini o‘rgandi.
Ishchi guruh tuprog‘i o‘rtacha sho‘rlangan va sho‘rlangan hududlarda yer osti sizot suvlari yaqinligi sababli “Buxoro-102” navining g‘ovlash va vilt kasalligiga chalinish holatlarini aniqlashdi. Ular tuprog‘i o‘rtacha sho‘rlangan va sho‘rlangan hududlarga viloyatning tuproq-iqlim sharoitiga mos holda yaratilgan S-01 g‘o‘za navini tavsiya etishdi.
Ushbu S-01 g‘o‘za navi keyingi 12 yil davomida viloyatda seleksiya yo‘nalishida olib borilgan tanlash va ilmiy izlanishlar natijasida yaratilib, 2016 yilda viloyat tuproq-iqlim sharoiti uchun Davlat nav sinovida istiqbolli nav deb topilgan va ushbu nav uchun patent olingan. 2022 yilda S-01 g‘o‘za navi rayonlashgan navlar reyestriga kiritildi.
Ishchi guruhi tomonidan tumandagi 22 ta urug‘chilik fermer xo‘jaliklariga qarashli 700 gektar yer maydoni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi va 115 gektar urug‘lik g‘o‘za maydoni yaroqsizligi bo‘yicha dalolatnoma tuzildi. Shuningdek, “Kamar yog‘dusi”, “Oston bobo 2001”, “Bunyod Ziyod orzusi” fermer xo‘jaliklarida paxta ekilgan maydonlarda tuproq mikroflorasi o‘rganildi. Paxta maydonlarida biostimulyatorlar qo‘llanilib, ularning natijalari tahlil qilindi.
– Paxtachilik kengashining tuman Ishchi guruhi tomonidan paxta ekilgan dala maydonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida seminar trening o‘tkazildi, – deydi Sh.Xolboyev. – Yakunda Navbahor tumani uchun maqbul, rayonlashtirilgan va istiqbolli navlarni tanlab, kelgusi yil uchun “tanlovli pitomnik”ni tashkil qilish rejasi ishlab chiqildi. Tumanda navlarni almashlab ekish tizimini joriy qilish maqsadida Ishchi guruh tomonidan tumanning tuproq iqlim sharoitiga mos keladigan yangi navlarni joylashtarish bo‘yicha hududlar tanlab olindi.
Shuningdek, Navbahor tumanidagi biolaboratoriyalar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilgan holda g‘o‘za zararkunandalariga qarshi biologik vositalar ishlab chiqish infratuzilmasini zamonaviy talablarga muvofiq qayta tashkil etish va jihozlash choralari ko‘rilmoqda. Biolaboratoriya ishchi xodimlariga to‘lanadigan ish haqilari qayta ko‘rib chiqilyapti. O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan biolaboratoriyani zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash konsepsiyasi ishlab chiqildi.
– 2023 yilda paxta navlarini joylashtirish rejasi bo‘yicha “Navbahor tekstil” MCHJ bilan kelishgan holda 9 ta hududda 6 ming 600 gektar yer maydoni ajratildi, – deydi Sh.Xolboyev. – Jumladan, 5440,2 gektar maydonga Buxoro-102, 891,8 gektar maydonga “S-01”, 34,8 gektar maydonga “Porloq-4”, 39 gektar maydonga “Ravnaq-1”; 26,1 gektar maydonga “Marvarid”, 38,8 gektar maydonga “Porloq-5”, 20,3 gektar maydonga “An-boyovut-2”, 23,1 gektar maydonga “Sulton”, 23,9 gektar maydonga “O‘zFA-710”, 24,1 gektar maydonga “Sharofat”, 21,2 gektar maydonga “Afsona”, 17 gektar maydonga “S-6601” navlarini ekish tavsiya qilindi.
Albatta, bu kabi olib borilayotgan ishlar har bir hududda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, o‘simliklar zararlanishining oldini olish, eng muhimi paxta hosildorligini oshirish va paxta tolasining sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.