Prezident maktablariga hujjat qabul qilish sanasi ma’lum qilindi
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezident maktablari faoliyati yoshlarning intellektual rivojlanishiga keng yo‘l ochib bermoqda.
2026–2027 o‘quv yili uchun Prezident maktablariga hujjatlar qabuli 25-maydan 14-iyunga qadar onlayn shaklda my.gov.uz hamda ariza.piima.uz platformalari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Prezident maktablariga ariza topshirish uchun o‘quvchining so‘nggi ikki oy davomida tushgan fotosurati, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, tegishli o‘quv yili natijalariga ko‘ra baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi yoki QR-kod bilan tasdiqlangan elektron tabeli talab etiladi.
Shuningdek, ota-ona yoki qonuniy vakilning fuqarolik pasporti ma’lumotlari hamda bog‘lanish uchun telefon raqamlari ham arizaga ilova qilinadi.
Ma’lumotda qayd etilishicha, talabgorning baholar tabelidagi matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik baholari “5” — a’lo bo‘lishi shart. Prezident maktablariga 4-sinfni tamomlagan o‘quvchilar 5-sinfga qabul qilinadi.
M.Hojiakbarova, O‘zA