Prezident maktabida yangi o‘quv yili boshlandi
Nukus shahridagi Prezident maktabida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida ta’limga qaratilayotgan e’tibor natijasida so‘nggi yillarda sohada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib Nukus shahrida Prezident maktabining ochilishi shular jumlasidandir.
[gallery-8661]
2021-2022 o‘quv yilida maktabni 22 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, ular tomonidan chet davlatlar nufuzli oliy o‘quv yurtlarining 4 million 145 ming 730 AQSH dollari miqdoridagi granti sohibi bo‘ldi. bugungi kunda ulardan ikki nafari AQSHning Long Island, Arizona, bir nafari Janubiy Koreyaning KAIST, bir nafari Turkiyaning Istanbul Technical Universiteti, 18 nafari “Yangi O‘zbekiston” universitetiga o‘qishga kirishga muyassar bo‘ldi.
Yangi o‘quv yilida Prezident maktabining 5 sinfiga 2490 nafar o‘quvchi hujjat topshirgan bo‘lsa, shundan eng iqtidorli 24 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Prezident maktabida o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Xorijiy hamda mahalliy o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan o‘quvchilari yuksak natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Prezident maktabida yangi o‘quv yili “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Mustaqillik darslari bilan boshlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA