Prezident inauguratsiyasi – muhim siyosiy voqea
Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish marosimi yurtimizning yangi tarixida muhim o‘rin egallagan demokratik hodisa bo‘ldi.
Zotan, joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yangidan barpo etilgan katta majlislar zalida tashkil etilgan parlamentimiz palatalarining qo‘shma majlisi Prezidentlik saylovlariga mantiqiy yakun yasadi.
E’tiborlisi, ushbu tantanali tadbir O‘zbekiston Respublikasining keyingi 5 yillikdagi Taraqqiyot strategiyasi uchun ham tamal toshi bo‘ldi.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida Prezidentning o‘z lavozimiga kirishish – qasamyod qilish rasmiy marosimlari 1992 yil 4 yanvar, 2000 yil 22 yanvar, 2008 yil 16 yanvar, 2015 yil 15 aprel, 2016 yil 14 dekabr sanalarida bo‘lib o‘tgan.
Mazkur 5 ta Prezident inauguratsiyasi marosimlarining quyidagi bir qator jihatlarni keltirib o‘tish o‘rinli, ya’ni:
• Prezidentning o‘z lavozimiga kirishish marosimi Oliy vakillik organining majlisida o‘tkaziladi;
• tantanali marosimga bag‘ishlangan majlisni Markaziy saylov komissiyasi Raisi ochib beradi;
• majlislar zalida O‘zbekiston Davlat bayrog‘i ko‘tariladi;
• Prezident qasamyod qabul qilish vaqtida Konstitutsiya (1992 yil 4 yanvarda bo‘lib o‘tgan Prezident inauguratsiyasi bundan istisno) va Muqaddas Qur’oni Karimga o‘ng qo‘lini qo‘yadi;
• Prezident qasamyod qabul qilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi;
• Prezident o‘z lavozimiga kirishganidan keyin dasturiy ma’ruzasini e’lon qiladi.
Xorijiy mamlakatlarda Davlat rahbarining inauguratsiyasiga oid tajribalar tahlilida qator qiziqarli jihatlar ko‘zga tashlanadi. Ularning deyarli barchasida qasamyod qabul qilish jarayoni inauguratsiyaning majburiy qismi sifatida belgilangan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Prezident (davlat rahbari) inauguratsiyasi Amerika protokoli asosida olib boriladi. AQSHda Prezident inauguratsiyasi Kapitoliy tepaligida (Vashington) mamlakat parlamenti – Kongressda tashkil etiladi. Ayrim mamlakatlarda inauguratsiyani o‘tkazish vaqti aniq belgilangan va o‘zgarmaydi.
Masalan, AQSHda – 20 yanvar (1933 yilga qadar inauguratsiya AQSH Konstitutsiyasiga 20-o‘zgartish kiritilgunga qadar 4 mart kuni o‘tkazib kelingan), Meksikada – 1 dekabr, Braziliyada – 1 yanvar, Kolumbiyada – 7 avgust, Germaniyada – 1 iyul kuni o‘tkaziladi.
Davlat dini qonun bilan belgilab qo‘yilgan qator Yevropa mamlakatlarida (masalan, Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Ukrainada) diniy marosim ham inauguratsiya jarayoniga majburiy tarkibiy qism sifatida kiritilgan (muqaddas kitob yoki xochni o‘pish, muqaddas kitobga qo‘lni qo‘yish va boshqalar).
O‘zbekiston Respublikasida ham shunga o‘xshash siyosiy an’ana vujudga kelgan – Prezident qasamyod qabul qilish vaqtida bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va muqaddas Qur’oni Karimga o‘ng qo‘lini qo‘yadi. Ushbu yozilmagan qoida o‘zbek xalqining tarixi, an’analaridan kelib chiqqan holda shakllangan.
Chexiyada davlat rahbari inauguratsiyasining ahamiyatli jihati shundaki, agar saylangan shaxs qasamyod qabul qilish vaqtida qasamyod matnini o‘zgartirsa yoki adashib ketsa, saylov natijalari bekor qilinadi va yangi saylovlar o‘tkazilishi belgilanadi. Biroq, hozirgacha bunday holat kuzatilmagan.
PREZIDENT INAUGURASIYASINING HUQUQIY ASOSLARI
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, «Prezident inauguratsiyasi» jumlasi O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida bevosita uchramasada, Prezidentning lavozimga kirishish (qasamyod qilish) marosimiga oid ayrim qoidalar milliy qonunchiligimizda o‘z aksini topgan.
Birinchidan, Konstitutsiyaning 81-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlislari o‘tkazilishi asoslari keltirilgan bo‘lib, ular qatorida aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qasamyod qilishi ham belgilangan.
Ikkinchidan, Bosh qomusimizning 92-moddasiga ko‘ra, Prezident O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi:
«O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman».
Uchinchidan, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida» 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida — u qasamyod qabul qilganidan so‘ng ijro etilishi mustahkamlangan.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 - moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylangan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida guvohnomani topshiradi. Ushbu guvohnoma aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining lavozimga kirishish marosimida beriladi.
Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 65-moddasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishning huquqiy reglamentatsiyasiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qilgan paytdan e’tiboran o‘z lavozimiga kirishadi.
Ma’lumot uchun: xuddi shunday mazmundagi qoida Saylov kodeksi kuchga kirgunga qadar amalda bo‘lgan 1991 yil 18 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasida ham mustahkamlangan edi.
2021 yil 6 noyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti inauguratsiyasining o‘ziga xos jihatlari
Bu yil tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining lavozimga kirishish tantanali marosimi qator o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turganini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, ular qaysilar?
Birinchi farqli jihati – bu Prezident inauguratsiyasi o‘tkazilgan joy. Hozirgi kunga qadar mustaqil O‘zbekistonda Prezident inauguratsiyasi bilan bog‘liq barcha tadbirlar Oliy vakillik organining binosida o‘tkazilgan. Jumladan,1992 yil 4 yanvar kunidagi Prezidentning qasamyod qabul qilish tantanali marosimi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, 2000 yil 22 yanvar, 2008 yil 16 yanvar, 2015 yil 15 aprel, 2016 yil 14 dekabr sanalaridagisi esa Oliy Majlis (Qonunchilik palatasi) binosida bo‘lib o‘tgan.
Bu galgi Prezident inauguratsiyasi Oliy Majlis Senatining yangi barpo etilgan katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgani va yuqori palataning yangi binosida tashkil etilgan birinchi majlis, yanada aniqrog‘i palatalarning birinchi qo‘shma majlisi hisoblanishi bilan ham e’tiborlidir.
Bu jihatni Prezidentimiz: «bugungi tantanali marosim poytaxtimiz markazida barpo etilgan, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan muhtasham Senat binosida o‘tayotganida ham chuqur ramziy ma’no bor, albatta.
Bu qutlug‘ maskan mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida muhim qonun va qarorlar qabul qilinadigan nufuzli dargohga, zamonaviy milliy davlatchiligimiz ko‘zgusi va demokratiya maktabiga aylanadi, deb ishonaman.
Yangi O‘zbekiston timsollaridan biri bo‘lgan Senat binosi hammamizga muborak bo‘lsin!» deya o‘z nutqida ham alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ikkinchi farqli jihati – tantanali marosimda O‘zbekiston tarixida birinchi bor Prezidentning rasmiy ramzlaridan foydalanildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 25 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga joriy yilning 25 oktyabrida kiritilgan qo‘shimchalar bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy ramzlarining huquqiy asoslari yaratildi.
Ushbu tartib saylangan shaxsni Prezidentlik lavozimiga yuklatilgan murakkab vazifalarni samarali amalga oshirishi uchun xalq va jamiyat tomonidan bildirilgan ishonch belgisi sifatida xizmat qilishini alohida ta’kidlash lozim.
Avvalgi Prezident inauguratsiyalaridan farqli o‘laroq, bu galgi tantanali marosimga O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shtandarti ham olib kirildi.
SHTANDART – MAXSUS TURDAGI BAYROQ
Shtandart (bayroq) Prezident ishtirok etadigan barcha muhim tadbirlarda, inauguratsiya (qasamyod qabul qilish) paytida hamda Prezident qarorgohlarining binolari va xizmat xonalarida ko‘tariladi.
Prezident shtandartining (bayrog‘ining) davlat bayrog‘idan farqli jihati shundaki, davlat bayrog‘i barcha davlat organlari, ushbu davlatning diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari binolarida hamda boshqa joy va holatlarda ko‘tarilsa, Prezident shtandarti (bayrog‘i) shaxsan Prezidentga biriktiriladi va faqat u tomonidan foydalaniladi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis Senatining katta majlislar zaliga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va muqaddas Qur’oni Karim bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining belgisi – Oliy nishoni olib kirildi. Shu tariqa Davlat rahbari ishtirokidagi tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy ramzlaridan foydalanish bo‘yicha siyosiy an’anaga start berildi.
Uchinchi farqli jihati – mustaqil O‘zbekiston tarixida oltinchi bor o‘tkazilgan Prezident inauguratsiyasi Prezident saylovlari o‘tkazilishi sanasi o‘zgartirilganligi bois kuz mavsumida (noyabr oyida) bo‘lib o‘tdi. Ungacha o‘tgan 5 ta Prezident inauguratsiyalaridan 3 tasi yanvar, 1 tasi aprel va 1 tasi dekabr oylarida tashkil etilgan.
To‘rtinchi farqli jihati – tantanali marosim ishtirokchilarining doirasi sezilarli ravishda kengaydi. Oliy Majlis Senatining yangidan barpo etilgan katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan Prezident inauguratsiyasida nafaqat parlament a’zolari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, balki keng jamoatchilik ham qatnashib, jami 650 kishi ishtirok etdi.
Beshinchi farqli jihati – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi e’lon qilindi. Mavjud siyosiy an’analarga hamohang ravishda Prezident lavozimiga kirishish tadbirining asosiy qismlaridan biri sifatida dasturiy ma’ruza o‘qib eshittirildi. Xususan, yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yo‘lini qat’iy davom ettiramiz» nomli konseptual nutqi bilan chiqish qildi. «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» degan bosh mezon va tamoyil asosida izchil islohotlarni davom ettirish yo‘li belgilandi. Davlat rahbari keng jamoatchilikni kelgusi besh yilda mamlakatimizda demokratik islohotlarni davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yettita ustuvor yo‘nalishlar bilan tanishtirdi.
Oltinchi farqli jihati – yangilanish, «uyg‘onish» davrining musiqiy ifodasi deb hisoblash mumkin bo‘lgan «Yangi O‘zbekiston bu!» kuyi yangradi.
Shunday qilib, 2021 yilning 6 noyabr – yangi O‘zbekiston tarixida, qolaversa, o‘zbek xalqi hayotida muhim sana sifatida muhrlandi. Bu, albatta, Prezident saylovlarida «inson qadri uchun» berilgan har bir ovozning in’ikosidir.
Foziljon OTAXONOV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor