Prezident farmoni mazmun-mohiyati tushuntirilmoqda
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Agentlikning boshqarma, bo‘limlari va hududiy filiallari mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda mazkur farmonda 2021 yil 1 iyundan davlat xizmatlari ko‘rsatish va ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish bo‘yicha yengilliklar yaratilganligi ta’kidlandi.
Unga ko‘ra, 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini (tug‘ilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, o‘lim, ism va familiyani o‘zgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni) qayd etilishi, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, tadbirda 2021 yilning yanvar-mart oylari davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ma’lumotnomalarni fuqarolardan talab qilib olish holatlari o‘rganilganligi haqida ma’lumot berildi.
Farmonning mazmun-mohiyati yoritilgan targ‘ibot materiallari (annotatsiya, videorolik, infografika) Agentlikning hududiy filiallariga yetkazilishi kelishib olindi.