Prezident bilan uchrashuvga tayyorgarlik qizg‘in pallada
Ma’lumki, joriy yilning 20-avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan navbatdagi VI ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda mazkur muhim tadbirga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Tayyorgarlik jarayonlari, tadbirkorlik sohasidagi islohotlar va qonunchilik yangiliklari xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev bilan suhbatlashdik.
—Prezidentimizning tadbirkorlar bilan navbatdagi VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ishlari qay darajada olib borilmoqda? Umuman, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan yuritilayotgan siyosat ushbu muloqotning mazmunini qanday o‘zgartirdi?
— Avvalo, bir haqiqatni ochiq tan olishimiz kerak: mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash shunchaki iqtisodiy islohot emas, balki davlat siyosatining eng ustuvor, qaytmas yo‘nalishiga aylandi. Bugun tadbirkor davlatning eng yaqin hamkori, iqtisodiyotning tayanchi sifatida ko‘rilmoqda. Mana shu yangi muhitda Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti mutlaqo yangi, dunyo amaliyotida kam kuzatiladigan noyob voqeaga aylandi.
Kechagi quruq hisobotlar, rasmiyatchilik davri o‘tdi. Keyingi yillarda ushbu muloqot maydoni tadbirkorni qiynayotgan real muammolarni yuzaga chiqaradigan, biznes muhitidagi tizimli to‘siqlarni olib tashlaydigan eng samarali mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu yil ham 20-avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar boshlab yuborildi. Jarayonni muvofiqlashtirish maqsadida Respublika shtabi tashkil etilib, unga turli vazirlik va idoralarning 54 ta malakali ekspertlari jalb etildi. Bizning bosh maqsadimiz shunchaki shikoyat yig‘ish emas, balki har bir taklif zamirida turgan tizimli muammoga amaliy yechim topish, biznesni rivojlantirishga turtki beradigan yangi g‘oyalarni ilgari surishdir.
— Tadbirkorlar o‘z taklif va muammolarini qanday tartibda bildirishlari mumkin? Ularning ovozi kerakli manzilga yetib boradimi?
— Bu borada hech qanday ikkilanish bo‘lishi mumkin emas. Murojaatlarni qabul qilishning eng qulay va tunu kun ishlaydigan zamonaviy raqamli tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkorlarimiz “1100” va “1094” qisqa raqamli call-markazlar, Tadbirkor virtual ofisi, Savdo-sanoat palatasining elektron platformalari hamda maxsus Telegram bot’lar orqali o‘z muammo va tashabbuslarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llamoqda.
Eng muhimi shundaki, kelib tushayotgan har bir murojaat shunchaki ro‘yxatdan o‘tmaydi. Ularning har biri ekspertlar tomonidan chuqur tahlil qilinib, sohaviy va hududiy kesimda tizimlashtiriladi. Birorta ham taklif, haqli e’tiroz e’tibordan chetda qolmaydi. Biznes vakillari amin bo‘lishlari mumkin: ularning ovozi chinakam qarorlar shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
— Sohadagi eng katta o‘zgarishlardan biri — davlat nazorati organlari bilan munosabatlarning transformatsiyasi bo‘ldi. Prezidentning joriy yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlarni asossiz tekshiruvlar va nazoratchilarning bosimidan himoya qilishda qanday inqilobiy qadam bo‘ldi?
— Juda to‘g‘ri va dolzarb masalani ko‘tardingiz. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur farmon nazorat tizimini to‘liq shaffoflashtirish va biznesga bo‘layotgan noqonuniy aralashuvlarni tag-tomiri bilan bartaraf etishda chinakam inqilobiy hujjat bo‘ldi.
Bu farmon bilan biz tizimda “Biznes himoya” QR-kodini joriy etmoqdamiz. Endilikda, nazorat qiluvchi organlargina emas, balki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ham tadbirkor bilan nazorat tadbiri hisoblanmaydigan har qanday muloqoti “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida majburiy hisobga olinadi.
Qat’iy qoidani e’lon qilamiz: agar davlat xizmatchisi tadbirkorlik sub’ekti hududiga tashrif buyursa va ushbu muloqot yoki tadbir tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, o‘zining maxsus QR-kodini ko‘rsata olmasa, tadbirkor uni o‘z hududiga qo‘ymaslik va u bilan muloqotga kirishmaslik huquqiga qonunan ega! Bu nazoratchilarning “o‘zboshimchalik bilan aylanib yurish” yoki tadbirkorni asossiz chaqirtirish amaliyotiga chek qo‘yadigan juda kuchli qonuniy to‘siqdir. Endi har bir harakat real vaqt rejimida nazoratda bo‘ladi.
—2026-yil 26-mayda Prezidentimizning yana bir muhim hujjati, ya’ni PF-100-sonli farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon tadbirkorlarga qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar va jarimalar tizimiga qanday yengilliklar olib kirdi? Bu borada adolat mezoni qanday ta’minlanadi?
— Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar Prezidentimizning doimiy nazoratida. PF-100-sonli farmon ham aynan tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammolarga o‘z vaqtidagi yechim bo‘ldi.
Mazkur farmon to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznesning moliyaviy barqarorligini asrash va ularga nisbatan ma’muriy bosimni adolat tamoyillari asosida kamaytirishga qaratilgan. Ilgari tadbirkor arzimagan yoki birinchi marta sodir etilgan xatolik uchun ham katta moliyaviy jarimalarga tortilishi, bu esa uning faoliyati to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Yangi farmon bilan bu tizim tubdan o‘zgardi. Endilikda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan birinchi marta sodir etilgan, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va iqtisodiyotga real zarar yetkazmagan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tizimi liberallashtirildi. Eng asosiysi, jarimalarni ixtiyoriy to‘lashning rag‘batlantiruvchi mexanizmlari kengaytirildi. Agar tadbirkor o‘ziga bildirilgan moliyaviy sanksiya summasini belgilangan qisqa muddat ichida ixtiyoriy ravishda to‘lasa, unga juda katta chegirmalar beriladi va masala sudgacha bormasdan, biznesga ortiqcha moliyaviy yuk bo‘lmasdan hal etiladi.
Bu davlatning tadbirkorga jazolovchi emas, balki to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi, xatosini tuzatishga imkon beruvchi ko‘makchi sifatida yondashayotganining yaqqol isbotidir.
— Joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar ham tashkil etilmoqda. Bu ishlar qanday kechyapti?
— Ha, hududlardagi jonli muloqot — tayyorgarlikning eng muhim, qon-tomir tizimi hisoblanadi. Biz faqat kabinetda o‘tirib hisobot ko‘radigan tashkilot emasmiz. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik va tijorat banklari rahbarlari joylarda tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashmoqda.
Bu nimani anglatadi? Bu - tadbirkorlarimizning huquqiy va ijtimoiy ongi nechog‘li o‘sganini ko‘rsatadi. Ular bugun nafaqat o‘zlarining shaxsiy, kichik muammolarini, balki butun boshli tarmoqlarni, qonunchilikni rivojlantirishga xizmat qiladigan tizimli takliflarni bermoqda. Biznes muhitning katta qismi uchrashuvlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish, kredit kafilliklari, kompensatsiya va xizmatlar ipotekasi kabi yangi moliyaviy vositalarning amalda ishlashi bo‘yicha hayotiy masalalarni o‘rtaga qo‘ymoqda.
— Hozirgacha kelib tushgan murojaatlarning jug‘rofiyasi va tarmoqlar kesimidagi tahlili nimalarni ko‘rsatmoqda? Qaysi hududlar eng faol?
—O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etilgan Respublika shtabida bugungi kun holatiga ko‘ra jami mingdan ortiq murojaat qabul qilindi.
Jumladan, tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalalari bo‘yicha 168 ta, Tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha 165 ta, ishlab chiqarish maydonlari bilan ta’minlash bo‘yicha 103 ta, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 82 ta, soliq sohasida 69 ta murojaat kelib tushgan.
Hozircha eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo, Samarqand, Andijon viloyatlari va Toshkent shahridan qabul qilingan.
— Prezidentimiz bilan ochiq muloqot arafasida turgan tadbirkorlarimizga Biznes-ombudsman sifatida qanday murojaat qilgan bo‘lar edingiz?
— Men har bir tadbirkorimizga shuni aytmoqchimanki, davlatimiz rahbari bilan bo‘ladigan ochiq muloqot — bu tadbirkorlar ovozi eng baland minbarlardan eshitiladigan, ularning tashabbusi ertangi qonun va farmonlarga aylanadigan tarixiy imkoniyat.
Shuning uchun tadbirkorlardan faol bo‘lishni, taklif va muammolarni ochiq bayon qilishni so‘rab qolamiz. Bugun davlatimiz rahbari ham, qonunchilik ham, Biznes-ombudsman instituti ham tadbirkorlar ortida tog‘dek turibdi. Ularning erkinligi, mulklari daxlsizligi — yurtimiz ravnaqining bosh garovi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA