Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomiga oid qonun ma’qullandi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov yangi tahrirdagi Konstitutsiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlatchiligimiz rivojining tarixiy tajribasiga tayangan holda davlat hokimiyati va boshqaruvining samarali tizimining huquqiy asoslari mustahkamlanganini ta’kidladi.
Davlat hokimiyatining tashkil etilishi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati asoslari alohida boblarda batafsil bayon etilgan.
Konstitutsiyaning XIX bobi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga oid bo‘lib, unda Prezident davlat boshlig‘i maqomida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashi, shuningdek, uning mamlakat boshqaruvi va taraqqiyotini ta’minlashdagi muhim vakolatlari mustahkamlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini shakllantirish, Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun Konstitutsiya talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Qonunda Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligi hamda aloqalari huquqiy tartibga solinmoqda.
Qonunni tayyorlash jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, xususan, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tajribalari o‘rganilgan hamda tahlil qilingan.
Qonunni ma’qullash jarayonlari Senatning rasmiy internet platformalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etildi va senatorlar tomonidan keng muhokama qilindi.
Senatorlar ma’qullagan konstitutsiyaviy qonun Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA