Press-tur: korxonada yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yoshlar siyosati, atrof-muhitni muhofaza qilish va gender tengligi borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar bilan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, korxonaning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekologik barqarorlikdir. “Yashil makon” umummilliy loyihasi va ekologik dastur doirasida korxonada suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha innovatsion ishlanmalar joriy etilgan bo‘lib, ularning ijrosini ta’minlash muhim vazifalardan biriga aylangan.

Ma’lumki, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda ularning kasbiy rivojlanishi, sport va intellektual o‘yinlar bilan shug‘ullanishi muhim o‘rin tutadi. Korxonada ishlab chiqilgan bir qator istiqbolli loyihalar ana shu maqsadni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

Press-tur ishtirokchilari ishlab chiqarishdagi gender tenglik masalasi bo‘yicha ham zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “O‘zbekneftgaz” AJ ko‘magida xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofazalash, mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha faol ish olib borilayotganligi tadbirda e’tirof etildi.
– Zavodda mehnat qilayotgan 3368 nafar ishchining 646 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi, – deydi xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.Ashurova. – Ayollarning kasbiy malakasini oshirish, ishlab chiqarishdagi xavfsizligini ta’minlash doimiy e’tiborda. Korxona mehnat jamoasi a’zolariga rahbariyat tomonidan doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. 240 o‘rinli shinam yotoqxona, “Sog‘lomlashtirish majmuasi”, Neftchilar madaniyat saroyi ular ixtiyorida.

Ishtirokchilar zavod tashabbusi bilan qurilgan quyosh elektr stansiyasida ham bo‘ldi. 2024 yil mart oyida zavodga tutash 3 gektar maydonda 3376,5 kVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi o‘rnatilib ishga tushirildi va korxona ob’ektlarida o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyalarining jami quvvati 5870 kVt ga yetdi.
2023 yil davomida quyosh elektr stansiyalarida 1 109 900 kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, mazkur ob’ektning ishga tushirilishi natijasida 2024 yil yanvar-iyun oylarida 3 742 442 kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga erishildi.

Quyosh elektr stansiyalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hisobiga oylik iste’molga nisbatan 12,7 foiz iqtisod qilinishiga erishildi va yil yakuniga qadar jami 7,5 million kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Press-tur ishtirokchilari korxona muzeyida ham bo‘lib, u yerdagi bir qator eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Korxona tarixi va qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.