Pragmatik muloqot va aniq tashabbuslar: Yevroosiyo iqtisodiy makonidagi yangi o‘sish nuqtalari
Jahon iqtisodiyotida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar kechayotgan, global munosabatlar tizimi qayta shakllanayotgan bugungi sharoitda nufuzli xalqaro anjumanlar nafaqat iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini, balki davlatlarning taraqqiyot strategiyasi va xalqaro maydondagi o‘rnini aniq belgilab olishga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoniga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nufuzli Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yalpi majlisidagi ishtiroki va so‘zlagan nutqi ana shu jihatdan ulkan ahamiyat kasb etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan aniq, pragmatik va keng qamrovli tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham ishonchli, tashabbuskor va barqaror hamkor sifatidagi rolini yana bir bor yorqin namoyon etdi.
Nutqning asosiy leytmotivini o‘zaro manfaatli hamkorlikni an’anaviy savdo-sotiq doirasidan olib chiqib, uni murakkab sanoat zanjirlari, texnologik alyanslar va qo‘shma innovatsion loyihalar darajasiga ko‘tarish g‘oyasi tashkil etdi. Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning chuqurlashib, sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tganidan dalolat beradi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish tashabbusi bu boradagi strategik yondashuvning yaqqol ifodasidir. Bu – ishlab chiqarish va texnologik klasterlarni yagona raqamli platforma orqali birlashtirib, xom ashyodan tayyor mahsulotgacha va uni tashqi bozorlarga yetkazishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yaratishni ko‘zda tutadi. Ushbu g‘oyaning har yili Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro innovatsion-sanoat ko‘rgazmasi negizida rivojlantirilishi taklif etilgani uning puxta o‘ylangani va amaliy asoslarga ega ekanini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugungi kunning universal tiliga aylangan raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Darhaqiqat, agar avvallari infratuzilma deganda yo‘llar, ko‘priklar va kommunikatsiya tarmoqlari tushunilgan bo‘lsa, bugunga kelib raqamli platformalar, elektron tijorat va innovatsion servislar taraqqiyotning bosh omiliga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida qo‘shma Raqamli ekotizimni shakllantirish taklifi nafaqat o‘zaro savdoni yanada rivojlantirish, balki biznes uchun yangi bozorlarni ochish, fuqarolar uchun esa qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladigan muhim qadamdir. Bu tashabbus raqamli savdo qoidalarini uyg‘unlashtirishdan tortib, bandlik bo‘yicha yagona raqamli profillarni yaratishgacha bo‘lgan keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Inson qadrini ulug‘lash va inson kapitalini rivojlantirishni o‘z islohotlarining markaziga qo‘ygan Yangi O‘zbekiston uchun yoshlar masalasi doimo ustuvor ahamiyatga ega. Prezidentimiz nutqida aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan mamlakatimizning ulkan demografik salohiyatini yuksak intellektual resursga aylantirish vazifasi alohida ta’kidlandi. Shu maqsadda ilgari surilgan Inson kapitalini rivojlantirish qo‘shma onlayn-platformasini yaratish g‘oyasi o‘zining ezgu maqsadlari va keng ko‘lami bilan ajralib turadi. Bu platforma ta’lim, kasbiy tayyorgaarlik va mehnat bozorini o‘zaro bog‘lab, yoshlarga eng zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallash, o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Rossiya uchun eng oliy qadriyat bo‘lgan insonga qaratilgan uzoq muddatli sarmoyadir.
Prezidentimiz tomonidan bayon etilgan barcha tashabbus va takliflar mustahkam iqtisodiy zaminga asoslangani bilan yanada ahamiyatlidir. Nutqda ta’kidlanganidek, so‘nggi o‘n yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmi qariyb uch barobarga o‘sib, 147 milliard dollarga yetdi, 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bunday salmoqli natijalar Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘ziga bo‘lgan ishonchi va islohotlarning barqarorligini namoyon etadi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish kabi ulkan marralarning belgilanishi mamlakatimizning taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotganini va global investorlar uchun eng jozibador va ishonchli makonlardan biriga aylanib borayotganini tasdiqlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Peterburg forumidagi nutqi Yangi O‘zbekistonning milliy manfaatlarini xalqaro hamkorlik imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtira oladigan ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosat yuritayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Ilgari surilgan har bir taklif zamirida aniq hisob-kitob, chuqur tahlil va eng asosiysi, O‘zbekiston xalqining farovonligini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassam. Bu tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, nafaqat mamlakatimiz taraqqiyotiga, balki butun Yevroosiyo mintaqasida o‘zaro ishonch, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Alisher EGAMBERDIEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, O‘zA