Poytaxtlik shifokorlar Buxoroda
Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida respublika Bolalar milliy tibbiyot markazi “Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida poytaxtdan kelgan bir guruh malakali mutaxassislar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami farzandlarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Ko‘rikda markazning kardioxirurg, LOR, reanimatolog, anesteziolog va perfuziolog kabi mutaxassislari viloyatdagi tug‘ma yurak va eshitish tizimida nuqsoni bo‘lgan 100 nafarga yaqin bola tekshiruvdan o‘tdi.

– Kasallikka chalingan 40 nafar bolaga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazish tavsiya qilindi, – deydi markaz rahbari Q.Karimov. – Rejaga muvofiq, davlat tibbiy sug‘urtasi, homiylik hamda fond mablag‘lari hisoblaridan ularda bepul jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, mutaxassislar o‘zaro tajriba almashishdi. Buxorolik shifokorlarga poytaxtlik mehmonlar mahorat darslari o‘tdi. Kelgusida viloyat mutaxassislari bilan birgalikda yuqori texnologik kardiojarrohlik va otorinolaringologik amaliyotlar o‘tkazish rejalashtirildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri